
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi prezident Shavkat Mirziyoyevning 26-dekabr kuni O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatida qaysi so‘zlarni ko‘p ishlatganini tahlil qildi.
Tahlillarga ko‘ra, prezident murojaatnomasida jami 9135 ta so‘zdan foydalangan. Eng ko‘p ishlatilgan kalit so‘zlar qatorida mahalla (49 marta), aholi (35 marta), iqtisodiyot (28 marta), bozor (26 marta), loyiha (25 marta) va texnologiya (22 marta) qayd etilgan.

Shuningdek, ta’lim, natija, daromad so‘zlari 20 martadan, tadbirkor va sanoat 19 martadan, suv 18 marta, elektr va hudud 17 martadan, yoshlar, infratuzilma va qurilish kabi tushunchalar 16 marta ishlatilgan.
Qayd etilishicha, ikki va uch so‘zli birikmalar tahlili kelgusi besh yil, mahalla darajasi, aholi daromadi, qishloq xo‘jaligi, yangi bosqich, yangi texnologiyalar, dual ta’lim asosida kabi iboralar davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini ifodalaganini ko‘rsatgan.
Nutq mazmuni 9 ta asosiy tematik blokka taqsimlangan, tahlil natijalari davlat siyosatining markazida mahalla darajasida amalga oshiriladigan islohotlar, texnologik rivojlanish va inson manfaatlari turganini ko‘rsatadi. Barcha chora-tadbirlarning yakuniy maqsadi barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlashdan iborat ekani ta’kidlangan.

Diagrammadan kelib chiqilsa, davlat siyosatining markazida mahalla darajasida amalga oshiriladigan texnologik rivojlanish va inson manfaatlari turibdi. Barcha islohotlarning yakuniy maqsadi barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlashdan iborat.
Iqtisodiy o‘sish va farovonlik blokida islohotlarning asosiy natijalari aks ettirilgan bo‘lib, so‘nggi uch yilda iqtisodiyot hajmining $145 mlrdgacha o‘sishi va kambag‘allik darajasining ikki barobarga qisqarishi shular jumlasidandir.
Alohida e’tibor «yashil» kun tartibiga qaratilgan bo‘lib, qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish, «yashil makon» tashabbusini kengaytirish, shuningdek, iqlim xatarlariga bardoshlilikni oshirish masalalari qamrab olingan.

Tashqi siyosat blokida O‘zbekistonning ochiqligi, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash va global iqtisodiy tizimga integratsiyalashuvi ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev xalqqa murojaatida aholi ehtiyojidan kelib chiqib, keyingi yil O‘zbekiston iqtisodiyotida eng katta talab yaratadigan uy-joy ipotekasiga 23 trln so‘m resurs ajratilishini ma’lum qilgandi.