Yangiliklar

Prezident Saudiya Arabistoni elchisiga «Doʻstlik» ordeni topshirdi

O‘zbekiston – Saudiya munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun
Prezident Saudiya Arabistoni elchisiga «Doʻstlik» ordeni topshirdi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni podshohligining Favqulodda va muxtor elchisi Yusuf al-Utaybiyni qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Uchrashuvda tizimli muloqot va faol aloqalar yoʻlga qoʻyilgani, tovar ayirboshlash, toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalar hajmi va qoʻshma korxonalar sonining jadal oshib borayotgani qayd etildi. Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari bilan loyihalar portfeli $27 mlrd.dan oshdi.

Foto: President.uz
Foto: President.uz

Shuningdek, «yashil» energetika, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash va infratuzilmani rivojlantirish kabi ustuvor sohalarda bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashib, joriy yil oktabr oyida Saudiya Arabistonida Oʻzbekiston madaniyati kunlari yuqori saviyada oʻtkazildi, mamlakatimiz Ar-Riyodda boʻlib oʻtgan Xalqaro kitob koʻrgazmasida ishtirok etdi.

Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni hukumatiga fuqarolarimizning Haj va Umra amallarini ado etishiga yaratilgan qulay sharoitlar uchun minnatdorlik bildirdi. Uchrashuv yakunida prezident Yusuf al-Utaybiyga Oʻzbekiston – Saudiya doʻstlik va koʻp tomonlama sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qoʻshgan katta hissasi uchun «Doʻstlik» ordenini topshirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident FIA rahbarini «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlagan edi.