Samsung smartfonlarida 20 ming mA/soatli akkumulyator paydo bo‘lishi mumkin

29-dekabr 2025 14:33 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Samsung smartfonlarida 20 ming mA/soatli akkumulyator paydo bo‘lishi mumkin
Foto: Depositphotos

Samsung smartfonlarida 20 ming mA/soatli akkumulyator paydo bo‘lishi mumkin. Bu haqda WCCF xabar bermoqda.

Kompaniya SDI ultra yupqa, ammo juda katta sig‘imga ega akkumulyatorlar ustida ish olib bormoqda. Samsung hozircha umumiy sig‘imi 20 ming mA/soat bo‘lgan tajribaviy kremniy uglerodli batareyani sinovdan o‘tkazmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi akkumulyator ikki hujayradan iborat. Asosiy hujayra sig‘imi 12 ming mA/soat. Uning qalinligi 6,3 mm. Ikkinchi qo‘shimcha hujayra esa 8 ming mA·soat sig‘imga ega. Uning qalinligi atigi 4 mm.

Ushbu ko‘rsatkichlar smartfonlar uchun juda yuqori hisoblanadi. Taqqoslash uchun, xitoylik ishlab chiqaruvchilar allaqachon 10 ming mA/soatli kremniy uglerodli batareyalar bilan seriyali smartfonlar chiqara boshlagan.

Foto: WCCF

Biroq Samsung oldida jiddiy muammo bor. Sinovlar vaqtida 8 ming mA/soatli hujayra barqarorlikni yo‘qotgan. U 80 foizga shishib, qalinligi 7,2 mmga yetgan. Bu texnologiya hali ommaviy ishlab chiqarish uchun tayyor emasligini ko‘rsatadi.

Kremniy uglerodli akkumulyatorlar an’anaviy litiy-ion batareyalardan anodi bilan farq qiladi. Grafit o‘rniga kremniy va ugleroddan tashkil topgan kompozit ishlatiladi. Bunday material litiy ionlarini ancha ko‘p ushlab tura oladi. Natijada bir xil o‘lchamda sig‘im bir necha baravarga oshadi.

So‘nggi yillarda Samsung Electronics smartfon akkumulyatorlari bo‘yicha sustlikda tanqid qilinmoqda. Ayniqsa flagman Galaxy S seriyasida sig‘im sezilarli oshmagan. Yangi sinovlar esa Samsung bu muammoni hal qilish ustida jiddiy ishlayotganini ko‘rsatmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Samsung tarixi haqida maqola e’lon qilgan edi.

Shuningdek