Yangiliklar

Poytaxt Parking muzokaralarda ustun pozitsiyaga ega monopol deb tan olindi

Kompaniyaga bir qator harakatlar taqiqlandi
Foto: Kursiv Uzbekistan

2025-yil 22-dekabrdan e‘tiboran, «Streetpark Systems» MChJ (Poytaxt parking) umumiy yo‘llardagi pullik to‘xtash joylarini boshqarishda ustun pozitsiyaga ega deb e’tirof etildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi.

«Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 18-moddasiga binoan, ustun muzokara kuchiga ega deb e’tirof etilgan subyektlarga quyidagi harakatlar taqiqlanadi:

  • Raqobatchi subyektlar ishlab chiqqan tovarlarni olish yoki realizatsiya qilishni cheklash.
  • Tovarlarning muomalasi hajmini sun’iy qisqartirish, narxlarni oshirish yoki iste’molchilarning huquq va manfaatlariga zarar yetkazish;
  • Iste’molchilarning zarur miqdorda va sifatli tovar olish huquqini cheklash;
  • Shartnoma predmetiga aloqasi bo‘lmagan moliyaviy yoki boshqa majburiyatlarni majburan qabul ettirish;
  • Tovarni olish yoki realizatsiya qilishda diskriminatsion shartlarni belgilash;
  • Shartnoma faqat boshqa tovarni olish yoki realizatsiya qilish sharti bilan tuzilishini talab qilish;
  • Shartnoma tuzishni asossiz rad etish;
  • Bozorga boshqa subyektlarning kirishini cheklash;
  • Davlat tomonidan tartibga solinadigan tovarlar uchun ortiqcha haq olish yoki davlat tartibini buzish.

Ma’lumot uchun, «Streetpark Systems» MChJ qo‘shma korxonasi 2024-yil 13 noyabrda Davlat xizmatlari markazida ro‘yxatdan o‘tgan. Korxona yil boshida Toshkentning yagona avtoturargoh tizimini yaratish va texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tenderda g‘olib chiqqan. Shartnoma qiymati 7,6 mlrd so‘mni tashkil etadi va 10 yilga mo‘ljallangan.

Eslatib o‘tamiz, kompaniya Toshkent shahrining 86 ko‘chasida pullik avtoturargohlarni tashkil etish bo‘yicha takroriy auksionda ham g‘olib bo‘lgan. Tenderda raqib sifatida Intermobiliti kompaniyasi ham ishtirok etgan. Avvalgi auksion natijalari esa g‘olib shartnomani imzolamagani sababli bekor qilingan.