
Xanoy shahrida O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Vyetnamning yetakchi Vingroup korporatsiyasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Memorandum doirasida tomonlar O‘zbekistonda investitsiya loyihalarini birgalikda o‘rganish va amalga oshirishga kelishib oldi. Xususan, zamonaviy turarjoylar, mehmonxonalar, biznes markazlar hamda savdo-ko‘ngilochar majmualar qurilishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, yashil transformatsiya, barqaror transport va xizmatlar tizimini rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Ushbu kelishuv turizmni rivojlantirish va rekreatsiya loyihalarini kengaytirishga ham xizmat qiladi.
Vingroup rahbariyati O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi salohiyatli va jadal rivojlanayotgan davlat sifatida baholab, kelgusida mamlakat iqtisodiyotining ustuvor sohalariga bosqichma-bosqich investitsiya kiritishga tayyor ekanini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2026-yilda $50 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilishni rejalashtirmoqda. Unga ko‘ra, strategik investorlar uchun loyihalar bo‘yicha yer uchastkalari bozor qiymatida to‘g‘ridan to‘g‘ri taqdim etiladi. Yer toifasi o‘zgartirilganda nobudgarchilik to‘lovlarini 10 yilgacha bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.