Yangiliklar

Xiaomi 17 Ultra kamerasi sinovdan o‘tkazildi — ilk suratlar

Xitoylik bloger Syaolu Lourens tomonidan
Xiaomi 17 Ultra flagman smartfonining ilk suratlari paydo bo‘ldi
Xiaomi 17 Ultra flagman smartfonining ilk suratlari paydo bo‘ldi / Foto: Gizmochina

Xitoylik bloger Syaolu Lourens yangi flagman kamerafon — Xiaomi 17 Ultra imkoniyatlarini real sharoitlarda sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda u Weibo’da 1 milliondan ortiq obunachilarga ega bo‘lgan sahifasida ma’lum qildi.

Bloger qurilmani asosan murakkab yorug‘lik sharoitlarida, jumladan, tungi sahnalar va dinamik kadrlar orqali tekshirgan.

Sinov jarayonida Leica bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan 200 megapikselli optik zum kamera ijobiy taassurot qoldirgan. U 75 mm dan 100 mm gacha bo‘lgan portret fokus masofalarini qamrab olib, suratga olishda katta erkinlik beradi. Blogerga ko‘ra, bunday diapazon portret va sahna fotosuratlarida ayniqsa qulaylik yaratadi.

Xiaomi 17 Ultra’ning asosiy kamerasi – 1 dyuymli Light and Shadow Master sensori bilan jihozlangan Leica moduli – tungi suratga olishda kutilganidan ham yuqori natija ko‘rsatgan. Kam yorug‘lik sharoitida, masalan, mushakbozliklar, tungi shahar manzaralari, ko‘cha chiroqlari va murakkab yoritilgan sahnalarda kamera tasvir aniqligi va ranglar muvozanatini barqaror saqlay olgan.

Bloger ta’kidlashicha, kamera hatto bir nechta yorug‘lik manbalari aralashgan vaziyatlarda ham detallarning yo‘qolib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi va suratlar professional darajada tiniq chiqadi. E’lon qilingan namunaviy fotosuratlar ham buni tasdiqlaydi.

Ma’lumot uchun, 27-dekabr kuni Xitoyda Xiaomi 17 Ultra va Xiaomi 17 Ultra Leica Edition savdosi rasman boshlangan. Leica Edition versiyasi 7 999 yuan (taxminan $1130)dan taklif qilinmoqda bo‘lib, u oddiy versiyadan atigi 500 yuanga qimmatroq.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi 17 Ultra rasman taqdim etilgani haqida yozgandi.