Yangiliklar

Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YIM bo‘yicha eng boy davlatlari reytingi e’lon qilindi

Lixtenshteyn yetakchi, AQSh kuchli o‘nlikda

World Atlas nashri dunyoning eng boy davlatlari reytingini taqdim etdi. Ro‘yxatni tuzishda mamlakatning umumiy yalpi ichki mahsuloti (YAIM) emas, balki aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YIMning xarid qobiliyati pariteti asos qilib olingan.

Quyida 2025-yilning eng boy 10 davlati va ularning iqtisodiy ko‘rsatkichlari bilan batafsil tanishishingiz mumkin.

1. Lixtenshteyn – $201 ming

Ro‘yxatning eng yuqori pog‘onasini Yevropaning kichik tog‘li davlati Lixtenshteyn egalladi. Aholi jon boshiga daromad bo‘yicha dunyoda yetakchi bo‘lgan ushbu davlat iqtisodiyoti yuqori qiymatli ishlab chiqarish va rivojlangan moliya sektoriga asoslangan.

2. Singapur – $156,9 ming

Foto: Expedia

Osiyoning yirik moliya va savdo markazi bo‘lgan Singapur ikkinchi o‘rinda qayd etildi. Mamlakat iqtisodiyoti katta hajmdagi investitsiyalar, davlat xizmatlari va yuqori malakali kadrlarga asoslangan xizmat ko‘rsatish hamda texnologiya sohalari hisobiga rivojlanmoqda.

3. Lyuksemburg – $152,3 ming

Foto: Kenzly

Lyuksemburgning farovonligi asosan investitsiya fondlari, transchegaraviy bank xizmatlari va korporativ xizmatlarga tayanadi. Mamlakatdagi siyosiy barqarorlik va ko‘p tilli ishchi kuchi ushbu sohalarning rivojlanishiga zamin yaratgan.

4. Irlandiya – $147,8 ming

Foto: Irish Tourism

Irlandiya transmilliy kompaniyalar, xususan, texnologiya va farmatsevtika gigantlari uchun asosiy baza hisoblanadi. Bu esa mamlakatda mehnat unumdorligini oshirib, eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiy o‘sishni ta’minlamoqda.

5. Qatar – $122,2 ming

Foto: Global Finace Magazine

Qatar iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish va neftga bog‘liqlikni kamaytirish bo‘yicha milliy dasturlarni amalga oshirayotgan bo‘lsa-da, uning yuqori daromad darajasi hali ham katta tabiiy gaz va neft zaxiralariga asoslangan.

6. Norvegiya – $106,6 ming

Foto: The Guardian

Norvegiya neft va gaz qazib olishni yirik suveren boylik jamg‘armasi faoliyati bilan uyg‘unlashtirgan. Mamlakat tabiiy resurslardan keladigan daromadning katta qismini jamg‘arib, uni aholi farovonligi va ijtimoiy xizmatlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiradi.

7. Shveysariya – $97,6 ming

Foto: Petit Fute

Shveysariyaning boyligi farmatsevtika, moliya, ilmiy tadqiqotlarga asoslangan sanoat va aniq muhandislik sohalariga tayanadi. Past inflyatsiya darajasi va barqaror institutlar mamlakat iqtisodiy muvaffaqiyatini mustahkamlaydi.

8. Bruney – $94,4 ming

Foto: Shutterstock

Bruney iqtisodiyoti haligacha suyultirilgan tabiiy gaz (LNG) va uglevodorodlar eksportiga kuchli bog‘liq. Shu bilan birga, davlat iqtisodiyotni diversifikatsiyalash maqsadida energetika sohasining quyi bo‘g‘inlari va boshqa faoliyat turlarini kengaytirmoqda.

9. Gayana – $94,1 ming

Foto: carter.eu

Offshor hududlarda neft konlarining topilishi Gayanani qisqa vaqt ichida yuqori daromadli davlatlar qatoriga olib chiqdi. Ishlab chiqarishning oshishi hamda qo‘shimcha daromadlarni jamg‘arish va investitsiya qilishga qaratilgan sa’y-harakatlar kuchli iqtisodiy o‘sishni ta’minlamoqda.

10. Amerika Qo‘shma Shtatlari – $89,5 ming

Foto: Success Education Consultansy

Dunyodagi eng yirik iqtisodiyotga ega AQSh rivojlangan xizmatlar, moliya, ishlab chiqarish va texnologiya sohalarini o‘zida birlashtirgan. Iqtisodiyotining yuqori darajada diversifikatsiyalangani AQShni aholi jon boshiga daromad bo‘yicha ham eng boy davlatlar qatorida saqlab turibdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan tabiati go‘zal, lekin sayyohlar kam tashrif buyuradigan 6 ta manzil haqida xabar bergan edi.