Avto

51 mingdan ortiq Hyundai Tucson avtomobilini chaqirib olmoqda

Sabab avtomobillarda tirkama qurilmasi sim to‘plamida aniqlangan nuqson bilan bog‘liq
Foto: Hyundai

Hyundai kompaniyasi AQSh bozorida 2022–2024-yilgi Hyundai Tucson avtomobilining 51,6 ming donasini qaytarib olish qarorini e’lon qildi. Bu haqda Carcoops xabar bermoqda. Sabab avtomobillarda tirkama qurilmasi sim to‘plamida aniqlangan nuqson bilan bog‘liq.

Kompaniya muhandislarining aniqlashicha, sim to‘plami kuzovga ulanadigan joy namlik ta’siriga sezgir. Suv boshqaruv moduliga kirib qolsa, qisqa tutashuv yuzaga kelishi mumkin. Eng yengil holatda bu tirkama chiroqlari yoki avtomobil stop-signallarining ishdan chiqishiga olib keladi. Bu esa YTH xavfini oshiradi. Eng xavfli ssenariyda esa simlarning yonib ketishi ehtimoli mavjud.

Hyundai avtomobillardan foydalanishni to‘xtatish shart emasligini bildirgan. Biroq ta’mirlash ishlari amalga oshirilmaguncha mashinalarni binolar va inshootlardan uzoqroqda qo‘yish tavsiya etilgan. Nosozlikni bartaraf etish ishlari 2026-yil fevral oyining ikkinchi yarmidan oldin boshlanmaydi.

Qayd etilishicha, chaqiruv faqat zavoddan tirkama qurilmasi bilan chiqqan avtomobillargagina taalluqli emas. AQShdagi dilerlar orqali sotilgan va mustaqil o‘rnatilgan 1338 ta sim to‘plami ham tekshiruvdan o‘tishi kerak. Bu holat kompaniya uchun qo‘shimcha qiyinchilik tug‘diradi, chunki bunday to‘plamlar qaysi aniq avtomobillarga o‘rnatilgani to‘liq nazorat qilinmagan.

Bu Hyundai’ning elektr tizimidagi so‘nggi muammolari ilk holat emas. Oktabr oyida starter klemmasidagi nuqson sababli 136 mingta Santa Fe krossoveri chaqirib olingan edi. O‘tgan oyda esa yana 143 ming dona Santa Fe modeli orqa ko‘rish kamerasi bilan bog‘liq nosozliklar tufayli servisga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Hyundai Atlas gumonoid roboti taqdim etilgani haqida yozgan edi.