
Xitoyda BYD Yuan Max elektromobili yo‘l sinovlari vaqtida suratga olindi. Avtomobil kamuflyajda harakatlanayotgan bo‘lib, modelning rasmiy taqdimoti kutilmoqda.
Yangi SUV o‘lchami va joylashuvi bo‘yicha Yuan Plus (Atto 3) hamda Song Plus (Sealion 6) modellarining orasidan o‘rin oladi.
Yuan Max BYD’ning Dynasty seriyasiga mansub bo‘lib, dizaynda ushbu yo‘nalishga xos uslub saqlangan. Old qismida cho‘zilgan faralar va katta trapetsiya shaklidagi havo kirish qismi ko‘zga tashlanadi. Avtomobil Xitoyda amal qilayotgan yangi talablar asosida mexanik ochilishga ega eshik tutqichlari bilan jihozlangan.

Sinovdagi namunada an’anaviy yon ko‘zgular, tom relslarini ko‘rish mumkin. Tom chizig‘ining biroz egri shakli salon hududida qo‘shimcha bosh bo‘shlig‘ini ta’minlagan bo‘lishi mumkin. Shu sababli Yuan Max uch qatorli o‘rindiqlarga ega bo‘lish ehtimoli ham istisno etilmaydi.
Model o‘lchamlari rasman ochiqlanmagan. Taqqoslash uchun, BYD Atto 3 uzunligi 4 455 mm, BYD Sealion 6 esa 4 775 mmni tashkil qiladi.
Salonida ikki spokli, D shaklidagi yangi rul, kichik raqamli asboblar paneli va BYD’ga xos aylantiriladigan markaziy ekran o‘rnatilgan. Markaziy konsolda simsiz quvvatlash maydoni, jismoniy tugmalar va ikkita stakan qo‘ygich mavjud. Eshik panellari yaxshilangan materiallar va xrom detallar bilan bezatilgan.

Texnik qismida Yuan Max BYD’ning yangi avlod elektr uzatmasini olishi kutilmoqda. U orqa o‘qda joylashgan 140 kVt quvvatga ega elektromotor va 50 kVt/soat LFP batareya bilan 430 km masofani bosib o‘tishi mumkin. Kuchliroq versiya esa 160 kVt motor va 60,9 kVt/soat batareya bilan 520 km yurish zaxirasini ta’minlashi ehtimoli bor.
Yangi Yuan Max BYD’ning ichki bozordagi elektromobil qatorini kengaytirib, o‘rta segmentdagi krossoverlarga raqobatni kuchaytirishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, BYD Dolphin 2026-yilda Janubiy Koreya bozoriga kirib borgani haqida yozgan edik.