Avto

Chevrolet Damas yana qaysi davlatlarda sotiladi

Joriy yilning 11 oyida ushbu avtomobildan 97,7 ming dona sotilgan
Chevrolet Damas yana qaysi davlatlarda sotiladi
Rasm ChatGPT yordamida sayqallangan / Manba: Lion Motors

Damas avtomobili O‘zbekistonda eng ommabop modellardan biri hisoblanadi. Joriy yilning 11 oyida ushbu avtomobildan 97,7 ming dona sotilgan. Kursiv Uzbekistan nashrining ushbu maqolasida Chevrolet Damas qaysi davlatlarda sotilishi haqida so‘z boradi.

Ushbu maqoladan quyidagilarni bilib olasiz:

Model haqida qisqacha

Damas ixcham tijorat va yo‘lovchi avtomobili bo‘lib, u dastlab Janubiy Koreyaning Daewoo kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. O‘zbekistonda mazkur model 1996-yilda Asaka avtomobil zavodida «Daewoo Damas» nomi ostida yig‘ila boshlagan. Keyinchalik GM Korea boshqaruvi davrida ishlab chiqarish davom ettirildi va avtomobil «Chevrolet» brendi ostida taklif qilina boshlandi. Hozirda Damas O‘zbekiston avtomobil bozorida eng ommabop modellardan biri hisoblanadi.

Foto: OLX

Mahalliy bozor uchun ishlab chiqarilayotgan Damas, ayniqsa, shahar sharoitida faol foydalaniladi. U marshrut taksilari, kichik biznes subyektlari, savdo va yetkazib berish xizmatlari orasida keng tarqalgan. Avtomobilning mashhurligi uning arzonligi, oddiy texnik tuzilishi va xizmat ko‘rsatish qulayligi bilan izohlanadi.

UzAuto Motors ma’lumotlariga ko‘ra, Damas va uning yuk versiyasi bo‘lgan Labo avtomobillari ishlab chiqarish hajmi 2016-yildan buyon besh baravarga oshgan. Hozirda yiliga qariyb 93 ming dona avtomobil ishlab chiqarilmoqda. Kelajakda bu ko‘rsatkichni 150 ming donagacha yetkazish rejalashtirilgan.

Texnik imkoniyatlar

Damas 0,8 litrli benzinli dvigatel bilan jihozlangan. Qator uch silindrli ushbu motor 38 ot kuchiga ega bo‘lib, maksimal aylanish momenti 63 N·m ni tashkil etadi. Avtomobil 5 pog‘onali mexanik uzatish qutisi bilan ishlaydi va orqa g‘ildiraklardan tortuvchi tizimga ega.

Foto: OLX

Mashinaning uzunligi 3845 mm, eni 1400 mm va balandligi 1920 mm bo‘lib, g‘ildirak bazasi 1840 mm ni tashkil etadi. Shu sababli Damas zich shahar ko‘chalari uchun qulay va ixcham hisoblanadi.

Yo‘lovchi versiyasida 7 o‘rindiq mavjud. Yuk tashishga mo‘ljallangan variantda esa faqat old qismda o‘rindiqlar bo‘lib, orqa qismi to‘liq yuk uchun ajratilgan. Maksimal yuk ko‘tarish qobiliyati 560 kg ga yetadi. Avtomobilning maksimal tezligi 100–105 km/soat atrofida bo‘lib, 0 dan 100 km/soatgacha tezlanish taxminan 41 soniyani tashkil etadi.

Damas AI-91 benzinida ishlaydi. Yonilg‘i bak hajmi 37 litr. Yoqilg‘i sarfi shaharda o‘rtacha 8,6 litr, shahar tashqarisida esa 7,8 litr atrofida.

Qaysi davlatlarda sotiladi

Damas asosan O‘zbekistonda ishlab chiqariladi va mahalliy bozor uchun taklif qilinadi. Shu bilan birga, 2021-yildan boshlab Ozarbayjonda ham yig‘ila boshladi. Qozog‘iston va Qirg‘izistonda esa rasmiy dilerlik tarmog‘i orqali sotuvga chiqarilgan. Rossiya bozorida Damas avtomobillari asosan paralel import orqali yetkazib berilmoqda. MDHning ayrim davlatlarida esa model ko‘proq ishlatilgan avtomobil sifatida uchraydi.

Foto: OLX

Narxlar

Qozog‘istonda Chevrolet Damas narxi taxminan 5 mln 490 ming tengeni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich O‘zbekistondagiga nisbatan ancha yuqori.

Qirg‘izistonda mazkur modelning o‘rtacha bahosi 765 ming 800 so‘m ekvivalentida baholanadi. Asosan ishlatilgan avtomobillar bozorida uchraydi.

Ozarbayjonda Chevrolet Damas narxi 17 ming manat atrofida. Avtomobillar bu yerda yig‘ilgan yoki rasmiy kanallar orqali keltirilgan.

Rossiyada Chevrolet Damas birlamchi bozorda deyarli sotilmaydi. Ikkilamchi bozorda esa modelning o‘rtacha narxi 960 ming rublni tashkil etadi. Asosan O‘zbekiston va Qozog‘istondan olib kirilgan avtomobillar taklif qilinmoqda.

DavlatMahalliy narxAQSh dollarida
O‘zbekiston93 mln so‘m$7,7 ming
Qozog‘iston5 mln 490 ming tenge$11,5 ming atrofida
Qirg‘iziston765 ming 800 som $6,1 ming atrofida
Ozarbayjon17 000 manat$10 ming atrofida
Rossiya (ikkilamchi bozor)960 ming rubl$10,5–11 ming
Rossiya (birlamchi bozor)Mavjud emas

Modelning kelajagi qanday

Damas dizayn va texnologiya jihatidan zamonaviy modellardan ortda qolgan bo‘lsa-da, u o‘z sinfida iqtisodiy samaradorligi bilan ajralib turadi. Past yoqilg‘i sarfi, arzon ehtiyot qismlar va oddiy texnik xizmat ko‘rsatish imkoniyati uni shahar transporti sifatida qulay qiladi. Shu bilan birga, xavfsizlik tizimlarining yetishmasligi va sust dinamikasi kamchilik sifatida qayd etiladi.

Foto: Kursiv Uzbekistan

Kelgusida UzAuto Motors kompaniyasi Damas modelini yangilashni rejalashtirmoqda. Yangi avlod «Damas Move» va «Damas Max» nomlari ostida chiqarilishi kutilmoqda. Ushbu modellarda o‘lchamlar kattalashishi, yuk sig‘imi oshishi va haydovchi hamda yo‘lovchilar uchun qulayliklar sezilarli darajada yaxshilanishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Damas modellari bir-biridan qanday farq qilishi haqida yozgan edi.