
«O‘zsuvta’minot» AJ korxonasi ichimlik suvi narxining qanday o‘zgarishi va tariflar shakllanishi nimalarga bog‘liq ekanini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, suv ta’minoti korxonalari tomonidan shakllantirilgan takliflar jamoatchilik muhokamasiga joylashtirilib, hududiy monopoliyaga qarshi kurashish va moliya boshqarmalarining xulosalari olingandan so‘ng, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari tomonidan ma’qullanib, tasdiqlanadi.
Ichimlik suv ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish bo‘yicha xizmatlar uchun tariflar mahsulot tannarxiga kiritilgan xarajatlar (elektr energiya, ish haqi, reagentlar, joriy va mukammal ta’mirlash), tizim obyektlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish xarajatlari, xalqaro moliya institutlari oldidagi majburiyatlar hamda soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlardan kelib chiqqan holda shakllantiriladi.
Suv narxi
«O‘zsuvta’minot»ning yozishicha, so‘nggi yillarda respublikada markazlashgan ichimlik suvi tannarxi va undan foydalanish uchun belgilangan suv tariflari orasidagi tafovut kattalashgan. Bu yo‘nalishdagi mavjud holat ichimlik suvi yetkazib berish tizimini modernizatsiya qilishga to‘sqinlik qilmoqda.
Tannarx shakllanishiga asosiy ishlab chiqarish xarajatlaridan tashqari bir qator omillar ta’sir qilishi ma’lum qilindi. So‘nggi 3 yil ichida iste’molchilar soni 1 milliontaga oshgan. Ularga ichimlik suvi yetkazib berish yanada ko‘proq xarajatlarni talab etadi. Suvni uzoq masofaga yetkazish juda katta elektr energiyasi talab etuvchi nasoslar orqali amalga oshiriladi. 2023-yil 1-oktabrdan elektr energiyasi narxi 450 so‘mdan 900 so‘mga, 2025-yil 1-maydan 900 so‘mdan 1000 so‘mga oshgan.
Bugungi kunda 1 metr kub ichimlik suv tarif xarajatlarida elektr energiya xarajatlari 19 foizni, joriy va mukammal ta’mir xarajatlari 5 foizni, xorijiy moliya tashkilotlaridan jalb etilgan kreditlarni qaytarish xarajatlari 9 foizni, ish haqi xarajatlari 30 foizni, amortizatsiya xarajatlari 15 foizni, soliqlar va YIT xarajatlari 5 foizni, boshqa xarajatlar 17 foizni tashkil etadi.
Bugungi tariflar bilan hisoblaganda, respublika bo‘yicha o‘rtacha aholiga markazlashgan tarmoqlar orqali yetkazilayotgan ichimlik suvning 1 litri 3,3 so‘mga to‘g‘ri keladi. Savdo do‘konlarida esa 1 litr plastik qadoqdagi suv o‘rtacha 4000 so‘mni tashkil etmoqda. Solishtirilganda ichimlik suv narxi 1210 baravar arzon yoki savdo do‘konlarida xarid qilinadigan 1 litr suv puliga Toshkent shahrida 2800 litr ichimlik suvi yetkazib beriladi.
Avvalroq «Kursiv» 2026-yilda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish uchun jami 3,3 trln so‘m ajratilishi haqida yozgandi.