Yangiliklar

Mirziyoyev Putin qarorgohiga uyushtirilgan hujumni qoraladi

Suhbat yakunida yetakchilar kirib kelayotgan 2026-yil munosabati bilan bir-birini samimiy qutlagan
Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putin qarorgohiga uyushtirilgan hujumni qoraladi. Bu haqda ikki davlat rahbarining suhbatida ma’lum qilindi. Ushbu harakatlar barqarorlik va xavfsizlikka, shuningdek, uzoq muddatli tinchlikka erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarga tahdid solishi qayd etildi.

Tomonlar oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb mavzular yuzasidan fikr almashildi va bo‘lajak tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.

Suhbat yakunida yetakchilar kirib kelayotgan 2026-yil munosabati bilan bir-birini samimiy qutladi. Davlat rahbarlari o‘zaro mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va farovonlik tilab, ikki mamlakatning birodar xalqlariga tinchlik va barqaror taraqqiyot tilaklarini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Prezident Saudiya Arabistoni elchisiga «Do‘stlik» ordeni topshirgani haqida yozgan edi.