O‘zbekiston budjeti: 2026-yil 2025-yil bilan solishtirganda nimasi bilan farq qiladi

eʼlon qilindi
Bosh muharrir o‘rinbosari
2026-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 2025-yilga nisbatan tezroq sur'atlarda rivojlanishi prognoz qilinmoqda
O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yilda qanday bo‘ladi / Rasm: Kursiv Uzbekistan

2025-yil yakunida qabul qilingan «2026-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonun va unga ilova qilingan makroiqtisodiy prognozlar mamlakatning yaqin istiqboldagi iqtisodiy strategiyasini belgilab berdi. Ushbu hujjat global noaniqliklar sharoitida yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolish va fiskal intizomni kuchaytirishga qaratilgan. Kursiv Uzbekistan 2025 va 2026-yillar uchun davlat budjetlarini taqqoslab tahlil qildi.

Iqtisodiy o‘sish: prognozlar ehtiyotkorlik bilan oshirilmoqda

2026-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 2025-yilga nisbatan tezroq sur’atlarda rivojlanishi prognoz qilinmoqda.

2026-yilda iqtisodiy o‘sish manbalari 2025-yil bilan solishtirganda biroz o‘zgaradi, biroq umumiy model saqlanib qoladi. Xususan, 2026-yilda sanoat 6,4% ga o‘sishi kutilmoqda. Taqqoslash uchun, 2025-yilda sanoatdagi o‘sish 6,1% darajasida prognoz qilingan edi. Bu sektorda keskin sakrash emas, balki barqaror va bosqichma-bosqich kengayish davom etayotganini ko‘rsatadi.

Qishloq xo‘jaligida o‘sish 2026-yilda 4,2% atrofida bo‘lishi kutilmoqda. 2025-yil prognozida bu ko‘rsatkich 4,1% edi. Ya’ni agrar sektor o‘sishi deyarli o‘zgarishsiz qolmoqda va iqtisodiyotning eng past o‘sish sur’atiga ega yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda.

Qurilish sohasida esa o‘sish sur’atlari pasaymoqda. 2025-yilda qurilish ishlari hajmi 14,2% ga oshishi kutilgan bo‘lsa, 2026-yilda bu ko‘rsatkich 10,2% darajasiga tushirilgan. Bu davlat va xususiy investitsiyalar saqlanib qolayotganini, biroq qurilish sektorida haddan tashqari tez kengayish bosqichi ortda qolayotganini anglatadi.

Eng katta «tortib ketuvchi» kuch esa 2026-yilda ham xizmatlar sohasi bo‘lib qolmoqda. Savdo, transport, aloqa, bank xizmatlari, IT va boshqa servis yo‘nalishlarida o‘sish 14,5% darajasida kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich 2025-yil bilan deyarli bir xil bo‘lib, iqtisodiyotning xizmatlarga tayangan modeli mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatadi.

Umuman olganda, 2026 yilda yalpi ichki mahsulotning (YAIM) real o‘sish sur’ati 6,6% darajasida prognoz qilinmoqda. Taqqoslash uchun, 2025-yil budjetida YAIM o‘sishi 6% deb baholangan edi. Demak, hukumat 2026-yilda iqtisodiyot yanada barqaror va muvozanatli o‘sish trayektoriyasiga chiqishiga ishonmoqda.

Inflyatsiya

2025-yil budjeti 7–8% atrofidagi inflyatsiya ko‘rsatkichiga asoslangan edi. 2026-yil budjetida inflyatsiya bo‘yicha maqsad 7% darajasiga tushirilgan.

Budjetning asosiy ko‘rsatkichlari

Ko‘rsatkich2025-yil (reja)2026-yil (prognoz)O‘zgarish
YAIM o‘sishi, %6%6,6%O‘sish tezlashmoqda
Inflyatsiya (maqsad)~7-8%~7%Inflyatsiya pasaymoqda
Konsolidatsiyalangan budjet daromadlari431 trln so‘m515,8 trln so‘m+19,7%
Konsolidatsiyalangan budjet xarajatlari480,5 trln so‘m567,7 trln so‘m+18,1%
Budjet taqchilligi, YAIMga nisbatan3%3%O‘zgarishsiz
Tashqi qarz jalb qilish limiti$5,5 mlrd$5 mlrdQisqartirilgan
Dividendlar (prognoz)34,14 trln47 trln+37,6%

Dividendlar: davlat nimani kutyapti

2026-yilda davlat budjeti daromadlarida davlat ishtirokidagi korxonalar dividendlarining roli sezilarli darajada oshirilmoqda. Budjet parametrlariga ko‘ra, dividend tushumlari 47 trln so‘m miqdorida prognoz qilingan. Taqqoslash uchun, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 34,14 trln so‘m atrofida bo‘lgan. Shunday qilib, yillik o‘sish sur’ati qariyb 37,6% ni tashkil etmoqda. Bu davlatning ustav kapitalida yuqori ulushga ega korxonalardan tushadigan daromadlarni ko’paytirish niyatini yaqqol ko‘rsatadi.

Amaldagi talablarga ko‘ra, ustav kapitalida davlat ulushi 50% va undan ortiq bo‘lgan korxonalar 2025 yil yakunlari bo‘yicha olingan sof foydaning kamida 50%ini dividend sifatida davlat budjetiga yo‘naltirishi shart.

Dividendlardan tashqari

2026-yilgi davlat budjeti daromadlaridagi o‘sish faqat dividendlar hisobiga ta’minlanmagan. 2025-yilgi budjet bilan taqqoslaganda, asosiy soliq tushumlari bo‘yicha ham sezilarli kengayish ko‘zda tutilgan. Bu davlat iqtisodiyotdagi umumiy faollik saqlanib qolishiga va soliq bazasi kengayishiga tayanganini ko‘rsatadi.

Xususan, bevosita soliqlar bo‘yicha tushumlar 2025-yilda 65,7 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yilda ular 80,2 trln so‘mga yetmoqda. Ya’ni o‘sish qariyb 14,5 trln so‘m yoki 20 foizdan ortiq. Bunday natija, avvalo, foyda solig‘i tushumlarining 49,7 trln so‘mdan 59,5 trln so‘mga oshishi, shuningdek, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining 16 trln so‘mdan 20,7 trln so‘mga ko‘tarilishi bilan izohlanadi. Bu hukumat kompaniyalar foydasi va ish haqi fondi kengayishiga ishonayotganini anglatadi.

Bilvosita soliqlar bo‘yicha ham o‘sish davom etmoqda. 2025-yilda ushbu toifadagi tushumlar 98,8 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yilda ular 114,2 trln so‘mga yetadi. O‘sish hajmi 15 trln so‘mdan oshadi. Bu yerda asosiy tayanch yana qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘lib qolmoqda: QQS tushumlari 2025-yildagi 71,8 trln so‘mdan 2026-yilda 84,6 trln so‘mga oshirilgan. Aksiz solig‘i va bojxona bojlari bo‘yicha ham mo‘tadil o‘sish rejalashtirilgan.

Resurs to‘lovlari va mol-mulk soliqlari: 2025-yilda ushbu tushumlar 20,3 trln so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 2026-yilda ular 24,3 trln so‘mga yetadi.

Soliqdan tashqari boshqa tushumlar ham budjet daromadlaridagi muhim o‘sish manbalaridan biri bo‘lib qolmoqda. 2025-yilda bunday tushumlar 23,8 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yilda ular 27,3 trln so‘m darajasida rejalashtirilgan.

Budjet taqchilligi va moliyalashtirish manbalari

2026-yil uchun konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi YAIMga nisbatan 3 foiz etib belgilandi. Bu 2025-yilgi limit bilan bir xil darajada saqlangan.

Taqchillikni qoplash strategiyasi

Tashqi qarz limiti: 2026-yilda yangi imzolangan tashqi qarz bitimlari hajmi $5 mlrd bilan cheklangan. Bu 2025-yildagi limitdan ($5,5 mlrd) kamroq. Sababi — davlat budjeti taqchilligini moliyalashtirish uchun $500 mlnga kam mablag‘ talab etilishi prognoz qilinmoqda.

Davlat qimmatli qog‘ozlari: ichki bozorda 30 trln so‘mlik davlat obligatsiyalarini chiqarish rejalashtirilgan. Bu ko‘rsatkich 2025-yil darajasida saqlanib qolmoqda.

Davlat-xususiy sheriklik (DXSh): 2026-yil davomida imzolanishi kutilayotgan DXSh bitimlarining cheklangan umumiy hajmi $6,5 mlrd etib belgilangan. Bu investitsiyalarni jalb qilishda davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlik davom etishini anglatadi. Ko‘rsatkich 2025-yil bilan bir xil.

Kursiv Uzbekistan avvalroq O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovning Qonunchilik palatasidagi ma’ruzasiga e’tibor qaratgan edi. Unda vazir davlat budjeti uzoq yillar davomida profitsit bilan bajarilgan davrga ham to‘xtalib, bu holat samaradorlik emas, balki tashqi moliyalashtirish imkoniyatlari cheklangani bilan bog‘liq bo‘lganini ta’kidladi.

«Budjet taqchilligini moliyalashtirish uchun hech kim bizga kredit bermagan. Men buni rasman aytishim mumkin», — dedi Jamshid Qo‘chqorov.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha davrda islohotlar yetarli darajada olib borilmagan, milliy valyuta erkin konvertatsiya qilinmagan, soliq siyosati ham bugungidan keskin farq qilgan. Shu sababli xalqaro moliya institutlari va kreditorlar O‘zbekistonga qarz ajratishga tayyor bo‘lmagan.

Shuningdek