
Davlat budjeti bo‘yicha qonun ijrosini ta’minlash yuzasidan chiqarilgan prezident qaroriga asosan ijtimoiy soliq tushumlarini taqsimlash miqdorlari qanday bo‘lishi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, budjet tashkilotlari bo‘yicha budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga 98,0 foiz, Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasiga 1,2 foiz, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi va Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasiga 0,4 foiz, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashiga 0,4 foizlik ijtimoiy soliq tushumlari belgilandi.
Boshqa to‘lovchilar yuzasidan esa yuqoridagi tashkilotlar uchun belgilab qo‘yilgan tushumlar budjet tashkilotlari uchun o‘rnatilgan miqdorlardan farqlanadi. Xususan, budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga 95,9 foiz, Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasiga 2,5 foiz, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi va Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasiga 0,8 foiz, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashiga 0,8 foiz.
2026-yil 1-yanvardan quyidagi summalar 2025-yilda hisoblab chiqarilgan soliq summasining 1,3 baravaridan oshmasligi lozim:
- uy-joy fondining ko‘chmas mulk obyektlari, shu jumladan, ommaviy baholashdan o‘tkazilgan obyektlarga 2018-yilda belgilangan kadastr qiymati asosida hisoblangan jismoniy shaxslar mol-mulkiga solinadigan soliq summasi;
- uy-joy fondining ko‘chmas mulk obyektlari joylashgan yer uchastkalarida jismoniy shaxslardan undiriladigan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun yer solig‘i summasi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda 2026-yil uchun davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun imzolangani va qaysi sohalarga ko‘p pul ajratilgani haqida yozgandi.