Yangiliklar

30-dekabrdan Green Card dasturi bo‘yicha vizalar berilmaydi — elchixona

Lekin murojaatchilar vizaga ariza topshirishi va suhbatdan o‘tishi mumkin
AQShning 2025-yilgi «Green Card» lotereyasi
Foto: Keisrobin / Depositphotos

AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi bergan xabarga ko‘ra, 30-dekabrdan e’tiboran Green Card dasturi bo‘yicha barcha vizalar berilishi to‘xtatib qo‘yildi.

Qayd etilishicha, Diversity Visa dasturi murojaatchilari vizaga ariza topshirishi va suhbatdan o‘tishi mumkin, AQSh Davlat departamenti o‘z navbatida suhbat sanasini belgilashda davom etadi, biroq DV vizalari berilmaydi.

Elchixonaning yozishicha, viza uchrashuvlari odatda boshqa vaqtga ko‘chirilmaydi yoki bekor qilinmaydi.

«Departament murojaatchilarni xabardor qilib borishga intiladi hamda qo‘shimcha yangilik bo‘lishi bilanoq jamoatchilikka taqdim etiladi», — deyilgan xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQShda o‘zbekistonlik talabani o‘ldirishda gumonlangan shaxs o‘z joniga qasd qilgani haqida xabar berilgandi. Gumonlanuvchi avtomobil raqamlarini almashtirish orqali yashirinishga uringan, biroq ijaraga olingan transport vositasi orqali uning shaxsi va manzili aniqlangan. U o‘lik holda topilgan omborxonadan ikkita o‘qotar qurol va jinoyat joyidagi dalillarga aynan mos keluvchi ashyolar topilgan.

Bu voqea ortidan AQSh prezidenti Donald Tramp ko‘rsatmasi bilan rasmiy Vashington Green Card dasturini to‘xtatdi.