Samarqandda tomchilatib sug‘orishni joriy etganlarga gektari uchun 12 mln so‘m subsidiya beriladi

eʼlon qilindi
Viloyatda driver loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan manzilli dastur tasdiqlandi
Samarqandda tomchilatib sug‘orishni joriy etganlarga gektari uchun 12 mln so‘m subsidiya beriladi / Foto: Ochiq manbadan

Prezident tomonidan «Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yana-da jadallashtirish to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, xalqaro, davlat va mahalliy ahamiyatga ega hamda ichki xo‘jaliklararo 298 km avtomobil yo‘llari va 15 ta yo‘l o‘tkazgichni qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.

Shuningdek, 14 ta tuman va shaharda 1 ta podstantsiyani ta’mirlash, 70 ta transformator punktini o‘rnatish va 137 km elektr tarmoqlarini yangilash rejalashtirilgan. Ichimlik suvi va oqova suv tizimini yaxshilash maqsadida 14 ta tuman bo‘yicha 90 ta suv inshooti va 242 km suv tarmog‘ini qurish va ta’mirlash ishlari olib boriladi.

Qarorda 2026-yil 1-iyuldan qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan suv resurslaridan foydalanish uchun to‘lanadigan soliq tushumlari to‘liq tuman va shahar suv korxonalari ixtiyoriga o‘tkazilishi belgilangan. Shu bilan birga, talabgorlar uchun tomchilab sug‘orish tizimlari orqali suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish maqsadida har bir gektar maydon uchun 12 mln so‘m subsidiya beriladi.

Bundan tashqari, 2026-yil 1-yanvardan viloyatdagi qurilish, ta’mirlash va modernizatsiya loyihalari «yashil» tamoyillarga va energiya samaradorligi bo‘yicha minimal talablar asosida amalga oshiriladi. Shuningdek, 2026/2027-o‘quv yilidan Kattaqo‘rg‘on davlat pedagogika institutida Turin politeknika universiteti bilan hamkorlikda muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha fakultet tashkil etish choralari ko‘riladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi banklarda ham «sirli mijoz» tekshiruvlari o‘tkazilishi haqida xabar bergan edik.

Shuningdek