
Soliq qo‘mitasi Paynet’ning Xolis mobil ilovasidan foydalanish majburiy ekani haqidagi xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, ushbu ilova yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun shaffof tadbirkorlik muhitini shakllantirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Soliq idoralari boshqa vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda tadbirkorlarni rasmiy sektorda ixtiyoriy ishlashga rag‘batlantiradigan yangi ilovalar ustida ham ish olib bormoqda. Bu boradagi yangiliklar soliq to‘lovchilarga o‘z vaqtida yetkaziladi.
Ma’lum qilinishicha, 2025-yil 12-avgustdagi 247-sonli qarorga ko‘ra, raqamli platformalar soliq organlari axborot tizimlariga to‘liq integratsiya qilingan bo‘lishi va ularni yaratgan to‘lov tashkilotlari texnopark rezidenti bo‘lmasligi kerak. Paynet aksiyadorlik jamiyati texnopark rezidenti hisoblanmaydi.
Texnopark rezidenti bo‘lgan to‘lov tashkilotlari esa yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga maxsus soliq rejimi doirasida xizmat ko‘rsata olmaydi. Shu sababli Soliq qo‘mitasi Paynet Xolis ilovasini ixtiyoriy tarzda yuklab olishni tavsiya etmoqda.
«Agarda ushbu ilovani yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarga soliq xodimlari majburiy tarzda yuklab olishni targʻib qilayotgan boʻlsa, 1198 qisqa raqamiga yoki hududingizdagi soliq idoralariga murojaat qilishingiz mumkinligini eslatib oʻtamiz», — deyiladi munosabatda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning turli hududlaridan Paynet’ning Xolis ilovasini majburiy o‘rnatish bo‘yicha shikoyatlar bo‘layotgani xabar qilingandi. Unga ko‘ra, tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar mahalla raislari, soliq xodimlari va boshqa mahalliy mutasaddilar tomonidan ushbu ilovani telefonlariga o‘rnatib, undan foydalanishga majburlanayotganini aytgandi.