
O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq ustozi Vadim Abramov 2013-yilda Qozog‘istonning «Ostona» klubidagi $1 mlnlik shartnomadan nega voz kechganini ma’lum qildi.
Abramov 2013-yilda «Ostona» boshqaruviga taklif qilinganida, klub oldiga chempionlikni qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilgan edi. Biroq bir hafta davomida jamoani o‘rganish jarayonida mutaxassis tarkibda jiddiy muammolar mavjudligini aniqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, jamoada doimiy asosda o‘ynaydigan kuchli futbolchilar deyarli bo‘lmagan, borlari ham ijara shartnomasi asosida to‘p surgan.
«Maqsad chempionatni birinchi o‘rinda yakunlash edi, ammo o‘yinchilar yo‘q, hamma ijarada. Oddiy murabbiy bunday shartnomani imzolamasdi. Balki keyinchalik imzolamaganimdan afsuslangandirman, lekin o‘sha paytda: ‘o‘yinchilaringiz qayerda? Kimni o‘ynatishim kerak?’ dedim», — deya ta’kidladi Abramov.
Murabbiy $1 mlnlik maosh taklif qilinganiga qaramay, istiqbolsiz ko‘ringan loyihada ishlashni rad etgan. Shuningdek, Abramov klub rahbariyati o‘zgargani va yangi direktorning futbol sohasiga aloqasi yo‘qligini ham qaroriga sabab sifatida keltirgan. Qo‘shimcha omil sifatida mutaxassis Ostonadagi sovuq ob-havoni va Toshkentga qaytish istagi kuchlilik qilganini ta’kidlab o‘tdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Vadim Abramov Superliganing «Eng yaxshi murabbiyi» sovriniga davogarlar ro‘yxatidan joy olgani haqida xabar bergan edi.