Yangiliklar

Yangi Toshkent 2 million aholiga mo‘ljallangan yirik megapolisga aylanadi

Loyihaning birinchi bosqichida 600 ming aholi uchun zamonaviy infratuzilma barpo etiladi
Yangi Toshkent 2 million aholiga mo‘ljallangan yirik megapolisga aylanadi / Foto: President.uz

Yangi Toshkent hududida barpo etilayotgan inshootlar va istiqboldagi loyihalar davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ko‘zdan kechirildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Shahar qurilishiga 2023-yilda tamal toshi qo‘yilgan bo‘lib, loyiha doirasida Yuqori va O‘rta Chirchiq tumanlaridan jami 19,7 ming gektar yer maydoni ajratilgan. Shaharsozlik konsepsiyasi Buyuk Britaniyaning «Cross Works» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Hozirga kelib 100 dan ziyod loyiha jadal davom etmoqda.

2025-yil yakunida yangi shaharda qurilish maydonlari 3 mln kvadrat metrga yetdi. Bir qancha uy-joy massivlari va infratuzilma obyektlari yakuniy bosqichga kirgan. Birinchi bosqichda 6 ming gektar hududda ishlar olib borilmoqda, natijada 600 ming aholi uchun zamonaviy infratuzilma barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Loyiha to‘liq amalga oshirilgach, Yangi Toshkent 2 mln nafar aholiga xizmat qiluvchi megapolisga aylanadi.

Foto: President.uz
Foto: President.uz
Foto: President.uz

Yangi Toshkentda 10 kilometr uzunlikdagi sohil bog‘i tashkil etilgan va bir mln tup buta hamda ko‘chat ekilgan. Prezident metro va elektrobuslar harakatini muvofiqlashtirish hamda piyoda va velosiped yo‘laklarini xavfsiz qilib barpo etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Hududda 60 dan ortiq davlat idoralari uchun zamonaviy ma’muriy binolar qurilmoqda, qator vazirlik va idoralar vaqtincha majmualarda faoliyat yuritmoqda. Investorlarning faolligi yuqori bo‘lib, 24 ta tijoriy lot bo‘yicha $2 mlrdlik investitsiya shartnomalari imzolangan. Ushbu mablag‘lar mehmonxonalar, restoranlar, servis markazlari va zamonaviy binolar barpo etishga yo‘naltiriladi.

Hozirgi qurilish jarayonida 10 ming nafar inson bandligi ta’minlangan. Loyiha to‘liq yakunlangach, yuz minglab doimiy ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yangi Toshkentda «Yangi O‘zbekiston» universiteti va Milliy kutubxona qurilishi haqida yozgan edik.