Yangi Toshkent va poytaxtni bog‘laydigan 21 kilometrlik metro liniyasi barpo etiladi

eʼlon qilindi
Metro to‘qqizta bekatdan iborat bo‘ladi
Yangi Toshkent va poytaxtni bog‘laydigan 21 kilometrlik metro liniyasi barpo etiladi / Foto: President.uz

Yangi Toshkentda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishuv davomida Shavkat Mirziyoyev Chirchiq daryosi ustidan qurilayotgan yangi ko‘prik hamda metro bekati bilan integratsiyalashgan avtoturargoh barpo etish jarayonini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Yangi ko‘prik sutkasiga 40–50 mingta avtotransport vositasini o‘tkazish quvvatiga ega bo‘lib, Toshkent shahri va Yangi Toshkentni bog‘laydi. Qurilish ishlari joriy yil oxirida boshlangan, hozirda loyihaning dastlabki bosqichi amalga oshirilmoqda.

Loyiha doirasida sohil hududlarini ko‘kalamzorlashtirish, energiya tejamkor yoritish tizimlarini o‘rnatish, piyodalar va velosiped yo‘laklarini barpo etish rejalashtirilgan. Shuningdek, ko‘prik orqali ikki tasmali tramvay yo‘li yotqizilishi ko‘zda tutilgan.

Yangi Toshkentni Toshkent shahri bilan bog‘laydigan metro liniyasining uzunligi 21 kilometr bo‘lib, u 9 ta bekatdan iborat bo‘ladi. Liniya kuniga 230 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi va mavjud metro tarmoqlari bilan integratsiya qilinishi rejalashtirilgan.

Metro bekati bilan birlashtirilgan avtoturargoh 20 ming kvadrat metr maydonda barpo etiladi. Unda avtomobillar, piyodalar va jamoat transporti harakati aniq ajratiladi. Hozirda hududda yer ishlari va beton quyish jarayonlari olib borilmoqda. Majmuani 2027-yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Qurilish vazirligining yangi binosiga borgan edi.

Shuningdek