
Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent hududida barpo etilayotgan zamonaviy energetika obyektlarni borib ko‘rdi va uning texnologik va strategik ahamiyatini o‘rgandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Hozirda trigeneratsiya texnologiyasiga asoslangan stansiyaning bino va inshootlari jadal qurilmoqda. Ushbu texnologiya an’anaviy quvvatlarga nisbatan energiya sarfini ikki baravargacha kamaytiradi, chunki issiqlik, sovitish va elektr energiyasi ishlab chiqarish jarayonlari yagona texnologik zanjirda amalga oshiriladi.
Birinchi bosqichda issiqlik uchun 75 megavatt, sovitish tizimi uchun 100 megavatt quvvat ajratiladi, shuningdek, 17 megavatt qo‘shimcha elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Nimstansiya quvvati 100 megavattga teng bo‘lib, shaharning dastlabki bosqichdagi ehtiyojlarini qondiradi.
Loyiha Xitoyning «Haocheng Industry Group Limited» kompaniyasi ishtirokida davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilmoqda. Ushbu nimstansiya O‘zbekistondagi birinchi yopiq turdagi nimstansiya hisoblanadi. Bunday inshootlar an’anaviy ochiq nimstansiyalarga qaraganda shahar arxitekturasi bilan uyg‘un, shovqini ikki baravar past va uch baravar kam maydonni egallaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yangi Toshkent va poytaxtni bog‘laydigan 21 kilometrlik metro liniyasi barpo etilishi haqida yozgan edik.