Yangi Toshkentda «Yangi O‘zbekiston» universiteti va Milliy kutubxona qurilmoqda

Yangi Toshkent hududida ta’lim va ilm-fan sohasida zamonaviy inshootlar barpo etilmoqda. Shavkat Mirziyoyev loyihalarni borib ko‘rib, ularning ahamiyatini o‘rgandi.
«Yangi O‘zbekiston» universiteti 2021-yil 23-iyundagi Prezident qaroriga muvofiq tashkil etilgan. Binolari $200 mln qiymatga ega bo‘lib, 50 gektar maydonni qamrab oladi. Loyiha turkiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan va qurilish «Özgüven» kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Binolar 2027-yilda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Majmua tarkibida 10 ming talabaga mo‘ljallangan beshta fakultet, rektorat, mingdan ortiq o‘rinli kutubxona, muzey, ko‘rgazmalar zali va multimedia xonalari, talabalar uchun ming o‘rinli sport majmuasi va suzish havzasi, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun ikki ming o‘rinli yotoqxonalar hamda oshxonalar barpo etiladi. Qurilish ishlari uch bosqichda olib borilmoqda.
Shuningdek, qariyb to‘rt gektar maydonda O‘zbekiston Milliy kutubxonasining yangi binosi qurilmoqda. To‘rt qavatli binoning umumiy maydoni 30 ming kvadrat metr bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 1420 kitobxonga xizmat ko‘rsatadi. Kutubxona fondlarini saqlash va xavfsizligini ta’minlash uchun yuqori texnologiyali xonalar tashkil etiladi.

Majmua xalqaro va milliy kutubxonalarning elektron bazalariga onlayn ulanish imkonini beradi, ko‘zi ojiz fuqarolar uchun maxsus o‘qish va tadqiqot muhiti yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, tashrif buyuruvchilar uchun 300 o‘rinli kafe, galereya, sport maydonchalari va dam olish hududlari barpo qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yangi Toshkent va poytaxtni bog‘laydigan 21 kilometrlik metro liniyasi barpo etilishi haqida yozgan edik.

