
Yangi yil bayrami va ketma-ket dam olish kunlarida mamlakatdagi barcha tibbiyot muassasalari tunu kun faoliyat olib boradi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.
Prezident farmoniga muvofiq, Yangi yil munosabati bilan barcha xodimlar ish haftasi turidan qat’i nazar, ketma-ket besh kun dam oladi. Shunga qaramay, aholi salomatligini ta’minlash maqsadida tibbiyot tizimi to‘liq ish rejimida ishlaydi.
Xususan, 31-dekabridan 4-yanvargacha tuman va shahar shifoxonalari, viloyat va respublika miqyosidagi tibbiyot muassasalari, ixtisoslashtirilgan markazlar hamda tibbiyot oliygohlari klinikalari navbatchilik asosida xizmat ko‘rsatadi. Bu jarayonga 20 mingga yaqin tibbiyot xodimlari jalb etiladi. Zarur dori-darmonlar va qo‘shimcha o‘rinlar zaxirasi shakllantirilgan.
Bayram kunlari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning 13 ta hududiy filiali va 200 ga yaqin aholi punktidagi shoshilinch yordam bo‘limlari ham 24 soat ishlaydi. Shuningdek, 103 tez tibbiy yordam xizmati odatdagidek uzluksiz faoliyat yuritadi. Mamlakat bo‘ylab minglab tez yordam brigadalari doimiy shay holatda bo‘ladi.
Bundan tashqari, 231 ta tug‘ruq muassasasi va 233 ta bolalar davolash muassasasi ham bayram kunlari uzluksiz ishlaydi. Fuqarolar tibbiyotga oid savollar bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligining 1003 qisqa raqamli ishonch telefoniga tunu kun murojaat qilishi mumkin.
Vazirlik bayram kunlari xizmat olib boradigan barcha tibbiyot xodimlariga minnatdorlik bildirar ekan, fuqarolarni Yangi yilni xotirjam va sog‘lom tarzda kutib olishga, o‘z salomatligiga e’tiborli bo‘lishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Elektron retsept» tizimini joriy etishning keyingi bosqichma-bosqich tartibini belgilash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘i qabul qilingandi. Unga ko‘ra, «elektron retsept» tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi, antibiotiklar, antibakterial va gormonal dori vositalari uchun elektron retsept majburiy bo‘ladi. Tizim to‘liq ishga tushgunga qadar va favqulodda holatlarda qog‘oz retseptlardan foydalanish imkoniyati ham saqlanib qoladi.