Yangiliklar

Yil oxirida respondentning qariyb 40 foizi yangi ish qidirmoqda — hh.uz

Ishtirok etgan respondentlarning 44 foizi yilni aniq ijobiy yoki salbiy baholab bo‘lmasligini bildirgan
Foto: Celsi.sk

hh.uz o‘tkazgan so‘rovnomaga ko‘ra, yil oxirida respondentning qariyb 40 foizi yangi ish qidirmoqda. Ishtirok etgan respondentlarning 44 foizi yilni aniq ijobiy yoki salbiy baholab bo‘lmasligini bildirgan.

So‘rovda qatnashganlarning 30 foizi yilni sokin va barqaror o‘tganini aytgan. 26 foiz respondent esa ochiqchasiga charchoqni his qilayotganini tan olgan. Faqat 14 foizgina ishtirokchi yil yakunini o‘sish va yangi imkoniyatlar bilan bog‘lagan.

Bayramoldi davrida ish yuklamasi ko‘pchilikda keskin o‘zgarmagan. 23 foizda yuklama biroz oshgan, 20 foizda esa avvalgi darajada qolgan. Shu bilan birga, 17 foiz respondent ko‘proq dedlaynlarga duch kelgan. So‘rov vaqtida ishsiz bo‘lganlar ulushi 29 foizni tashkil etgan.

Ishtirokchilarning 40 foizi yil yakunida shaxsiy professional natijalarni muntazam tahlil qilishini bildirgan. Biroq qariyb uchdan bir qismi buni zarur deb hisoblamaydi yoki bunga vaqt topa olmagan. Joriy ishidan to‘liq qoniqqanlar atigi 9 foizni tashkil etgan.

Yangi ish yilidan asosiy kutilyotgan narsa daromad va karyera o‘sishi bo‘lib qolmoqda. Bu variantni 56 foiz respondent tanlagan. hh.uz ma’lumotlariga ko‘ra, yil oxiri ish izlovchilar uchun yakun emas, balki yangi qarorlar oldidan o‘tish davri sifatida qabul qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistonda xodimlar barqarorlikni afzal ko‘rishi haqida yozgan edi.