Yangiliklar

31-dekabrda qanday muhim hodisalar yuz berdi

Meta Xitoyda asos solingan Manus SI startapini sotib oldi
31-dekabrda muhim hodisalar yuz berdi
Foto: Unsplash

Germaniyada jinoyatchilar qariyb 30 million yevroni o‘g‘irladi, uch investorga MobiUz’ni sotib olish bo‘yicha takliflarini yaxshilash uchun vaqt berildi — 31-dekabrda yuz bergan eng muhim hodisalar Kursiv Uzbekistan dayjestida.

Germaniyada bank talonchiligi: jinoyatchilar qariyb 30 million yevroni o‘g‘irladi

Foto: Germaniya politsiyasi

Germaniyaning Gelsenkirchen shahrida joylashgan Sparkasse banki bo‘limida yirik talonchilik sodir etildi. Jinoyatchilar burg‘ilash moslamasi yordamida bank seyfiga kirib, taxminan 30 million yevroga teng naqd pul va qimmatbaho buyumlarni olib ketdi.

Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, jinoyat Rojdestvo bayrami kunlaridagi sokin vaziyatdan foydalangan holda amalga oshirilgan. Talonchilar bankka yonidagi avtoturargoh orqali kirgan va puxta reja asosida harakat qilgan. Huquq-tartibot idoralari hodisani juda professional tarzda bajarilgan deb baholagan.

Uch investorga MobiUz’ni sotib olish bo‘yicha takliflarini yaxshilash uchun vaqt berildi

Mobiuz
Foto: YandexMaps

MobiUz’ni sotib olish bo‘yicha eng yuqori narx va eng qulay shartlarni taklif qilgan uch investor o‘z arizalarini yaxshilash uchun qo‘shimcha vaqt oldi. Ular takliflarni 2026-yil 23-yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 23:59 ga qadar topshirishi mumkin.

Gap Universal Mobile Systems kompaniyasidagi davlatga tegishli 100 foiz ulushni xususiylashtirish haqida ketmoqda. MobiUz’ni sotish loyihasi hozir xalqaro savdolarning yakuniy bosqichida turibdi.

Xavfsizlik xavotirlari sabab ko‘plab shaharlarda Yangi yil tadbirlari bekor qilindi

Foto: English live

Dunyoning bir qator yirik shaharlarida xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar tufayli Yangi yil kechasi rejalashtirilgan ommaviy tadbirlar bekor qilinmoqda. Avstraliyadan Yevropagacha bo‘lgan hududlarda konsertlar va jamoaviy sanash marosimlari to‘xtatildi.

AQShda Federal qidiruv byurosi Los-Anjeles yaqinida Yangi yil arafasida terakt uyushtirilishi mumkin bo‘lgan reja fosh etilganini ma’lum qildi. Mojave cho‘lida gumonlanuvchilar «sinov mashg‘uloti» vaqtida qo‘lga olingan.

O‘zbekistonda BAA kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 400 tadan oshdi

Foto: Two continents

O‘zbekistonda Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 400 tadan oshdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil 1-dekabr holatiga mamlakatda jami 404 ta shunday korxona faoliyat yuritmoqda.

Ularning 138 tasi qo‘shma korxona, 266 tasi esa xorijiy korxona hisoblanadi. Hududlar kesimida eng katta ulush Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. Poytaxtda BAA kapitali ishtirokidagi 297 ta korxona ro‘yxatga olingan.

Meta Xitoyda asos solingan Manus SI startapini sotib oldi

Foto: Geety images

Meta Singapurda joylashgan, Xitoyda tashkil etilgan Manus SI startapini sotib oladi. Bitim qiymati rasman oshkor etilmadi. Biroq manbalarga ko‘ra, Manus $2 mlrddan $3 mlrdgacha baholangan.

Manus joriy yil boshida minimal buyruqlar asosida qaror qabul qilib, vazifalarni mustaqil bajarishga qodir «umumiy SI agent» xizmatini taqdim etganini e’lon qilgach, e’tibor markaziga tushgan. Startap o‘z tizimi OpenAI’ning DeepResearch mahsulotidan ustun ekanini da’vo qilgan.

“O‘zbekgidroenergo» AJga vaqtincha rahbar tayinlandi

Foto: Platina

Abdurahmonov Islom Abdug‘aniyevich 18-dekabrdan «O‘zbekgidroenergo» AJ boshqaruvi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqda ochiq manbalarda ma’lum bo‘ldi.

U mazkur tashkilotni avval boshqargan Abdugani Sanginovning o‘g‘li hisoblanadi. Bir necha kun avval Abdugani Abdurahmonovich Sanginov «O‘zbekgidroenergo» AJ boshqaruvi raisi lavozimidan ozod etilib, O‘zbekneftgaz rahbari etib tayinlangandi.

Elektromobillarni quvvatlash uskunalari bojxona bojidan ozod qilinadi

Foto: Stat.uz

O‘zbekistonda elektromobillarni quvvatlash stansiyalari uchun asbob-uskunalar bojxona bojidan ozod qilinadi. Bu prezidentning tegishli farmonida belgilandi.

Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvarga qadar tasdiqlangan ro‘yxatlar asosida O‘zbekistonga olib kiriladigan elektromobillarni quvvatlash stansiyalari, ularning komponentlari va servis infratuzilmasi uchun mo‘ljallangan texnologik uskunalar bojxona bojidan ozod etiladi. Ushbu imtiyoz pillachilik va ipakchilik sohasida foydalaniladigan ayrim ehtiyot qismlar va urug‘larga ham tatbiq etiladi.

Samsung Galaxy A57 va S26 FE qanday ekran bilan chiqadi

Foto: Sammobile

Samsung xarajatlarni kamaytirish maqsadida kelasi yildan Samsung Galaxy A57 va S26 FE modellarida Xitoyda ishlab chiqarilgan OLED ekranlardan foydalanishi mumkin. Koreyaning The Elec nashri ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya CSOT bilan Samsung Galaxy A57 uchun OLED panel yetkazib berish bo‘yicha muzokara olib bormoqda.

Manbalarga ko‘ra, Galaxy A57 Xitoy OLED’ining pastki qismi qalinroq bo‘lgan varianti bilan chiqishi mumkin. Shu bilan birga, buyurtmaning bir qismi Samsung Display’ga berilishi kutilmoqda.