
O‘zbekistonda elektromobillarni quvvatlash stansiyalari uchun asbob-uskunalar bojxona bojidan ozod qilinadi. Bu prezidentning tegishli farmonida belgilandi.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvarga qadar tasdiqlangan ro‘yxatlar asosida O‘zbekistonga olib kiriladigan elektromobillarni quvvatlash stansiyalari, ularning komponentlari va servis infratuzilmasi uchun mo‘ljallangan texnologik uskunalar bojxona bojidan ozod etiladi. Ushbu imtiyoz pillachilik va ipakchilik sohasida foydalaniladigan ayrim ehtiyot qismlar va urug‘larga ham tatbiq qilinadi.
Shuningdek, farmonda chiqindilarni boshqarish sohasi uchun soliq imtiyozlari ham nazarda tutilgan. 2026-yil 1-yanvardan 2031-yil 1-yanvarga qadar «Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi» davlat muassasasi hamda belgilangan talablarga javob beradigan soliq to‘lovchilar uchun foyda solig‘i va ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilandi.
Mazkur talablar chiqindilarni yig‘ish, olib chiqish, saralash va qayta ishlashdan olingan daromad umumiy tushumning kamida 90 foizini tashkil etishi hamda xodimlarga to‘lanadigan oylik ish haqi eng kam ish haqining kamida ikki baravari bo‘lishini o‘z ichiga oladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri mahalliy ishlab chiqarilgan elektromobillar uchun 12 foizlik avtokreditlar ajratilishi haqida yozgan edi.