
Germaniyaning Gelsenkirchen shahrida joylashgan Sparkasse banki bo‘limida yirik talonchilik sodir etildi. Jinoyatchilar burg‘ulash moslamasi yordamida bank seyfiga kirib, taxminan 30 million yevroga teng naqd pul va qimmatbaho buyumlarni olib ketdi.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, jinoyat Rojdestvo bayrami kunlaridagi sokin vaziyatdan foydalangan holda amalga oshirilgan. Talonchilar bankka yonidagi avtoturargoh orqali kirgan va puxta reja asosida harakat qilgan. Huquq-tartibot idoralari hodisani juda professional tarzda bajarilgan deb baholagan.
Jinoyat davomida yer osti seyf xonasiga olib boruvchi devorda katta teshik ochilgan. Natijada 3 mingdan ortiq depozit qutilari buzib ochilgan. Ularda pul, oltin va zargarlik buyumlari saqlangan.
Politsiya hodisadan dushanba kuni erta tongda yong‘in signalizatsiyasi ishga tushgach xabardor bo‘lgan. Dastlabki tekshiruvlarga ko‘ra, jinoyatchilar kelish va ketishda bir xil avtoturargohdan foydalangan. Guvohlar kechasi bir necha erkakning katta sumkalar ko‘tarib yurganini ko‘rganini bildirgan.
Videokuzatuv kameralarida dushanba kuni tongda avtoturargohdan qora rangli Audi RS6 avtomobili chiqib ketgani qayd etilgan. Hozircha hech kim qo‘lga olinmagan, gumonlanuvchilar qidiruvda.
Bank ma’lumotiga ko‘ra, depozit qutilarining 95 foizi buzilgan. Har bir quti ichidagi mablag‘ o‘n ming uch yuz yevrogacha sug‘urtalangan. Bank bo‘limi vaqtincha yopilgan, mijozlar uchun maxsus aloqa liniyasi ishga tushirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Germaniyada samolyot gavjum ko‘chaga favqulodda qo‘ngani haqida yozgan edi.