Yangiliklar

Kun tarixi: COVID-19’ning boshlanishi, ilk chiroq va Ser Aleks Fergyuson

31-dekabrda sodir bo‘lgan tarixiy hodisalar
Foto: Mujer

31-dekabr sanasi nafaqat yilning so‘nggi kuni, balki fan-texnika inqiloblari va jahonni o‘zgartirgan voqealar bilan ham tarixda qolgan. Kursiv Uzbekistan kunning eng muhim voqealari xronologik tartibda taqdim etadi.

Foto: ThoughtCo

1857-yili Qirolicha Viktoriya Ottava shahrini Kanadaning poytaxti etib tayinladi. Ottava ingliz va fransuz tillarida so‘zlashuvchi yirik shaharlar — Toronto va Monreal o‘rtasida joylashgan bo‘lib, bu ikki hudud o‘rtasidagi ziddiyatni yumshatishga xizmat qilardi. Shuningdek, shahar AQSh chegarasidan uzoqda, qalin o‘rmonlar ichida joylashgani harbiy xavfsizlik nuqtayi nazaridan ham muhim sanalgan.

Foto: Science

1879-yilda Tomas Edison Nyu-Jersi shtatining Menlo-Park shahrida o‘zining cho‘g‘lanma elektr lampasini ilk bor ommaviy namoyish qildi. O‘sha kuni ko‘chalarni yoritib turgan yuzlab lampalar tomoshabinlarni hayratga soldi. Edison ushbu ixtirosi orqali «Biz elektrni shunday arzon qilamizki, faqat boylargina sham yoqadi», degan mashhur va’dasini bergan edi.

Foto: Los Angelos Times

1937-yili Uelsda kino olamining eng buyuk aktyorlaridan biri Entoni Xopkins dunyoga keldi. U «Qo‘zichoqlar sukunati» filmidagi 16 daqiqalik ishtiroki — psixiatr-kannibal Gannibal Lekter roli uchun «Oskar» mukofotini qo‘lga kiritgan. 2021-yilda esa «Ota» (The Father) filmidagi roli uchun 83 yoshida yana bir bor «Oskar»ga loyiq ko‘rilib, mukofot tarixidagi eng yoshi ulug‘ g‘olibga aylandi.

Foto: Goal.com

1941-yilda Shotlandiyaning Glazgo shahrida futbol afsonasi Aleks Fergyuson tavallud topdi. U «Manchester Yunayted» klubini 26 yil davomida (1986–2013) boshqarib, jamoani jahon futboli grandiga aylantirdi. Uning qo‘l ostida klub 13 marta Angliya chempioni bo‘ldi va ikki marta Yevropa chempionlar ligasida g‘olib chiqdi. 1999-yilda qirolicha Yelizaveta II unga britan futboli rivojidagi xizmatlari uchun ritsar unvonini berdi.

Foto: Wikipedia

1968-yili sovet muhandislari tomonidan yaratilgan dunyodagi birinchi tovushdan tez uchuvchi yo‘lovchi samolyoti — «Tu-144» o‘zining ilk sinov parvozini amalga oshirdi. Samolyot raqobatchisi bo‘lgan ingliz-fransuz loyihasi «Konkord»dan ikki oy oldin osmonga ko‘tarilib, fuqaro aviatsiyasida yangi davrni boshlab berdi. Keyinchalik bu samolyot soatiga 2 430 km tezlikka erishib, o‘z davrining rekordini o‘rnatgan.

Foto: The New York Times

1977-yilda Seulda «K-pop qiroli» deb e’tirof etiladigan xonanda Psy (Pak Chze San) tug‘ildi. Uning 2012-yilda chiqqan «Gangnam Style» qo‘shig‘i internet olamida haqiqiy fenomen bo‘ldi va YouTube tarixida 1 milliard ko‘rishlar sonidan oshgan birinchi videoga aylandi. Bu muvaffaqiyat koreys pop madaniyatining dunyo bo‘ylab keng tarqalishiga kuchli turtki berdi.

Foto: Anadolu Ajansi

2019-yili Xitoy hukumati Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga (JSST) Uxan shahrida noma’lum pnevmoniya kasalligi tarqalayotgani haqida rasmiy xabar berdi. Bu sana zamonaviy tarixda burilish nuqtasi bo‘ldi: keyinchalik COVID-19 nomini olgan virus qisqa vaqt ichida global pandemiyaga aylanib, dunyo iqtisodiyoti va insoniyat turmush tarzini butunlay o‘zgartirib yubordi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 30-dekabr sanasida sodir bo‘lgan muhim hodisalar haqida xabar bergan edi.