
Meta Singapurda joylashgan, Xitoyda tashkil etilgan Manus SI startapini sotib oladi. Bitim qiymati rasman oshkor etilmadi. Biroq manbalarga ko‘ra, Manus $2 mlrddan $3 mlrdgacha baholangan.
Manus joriy yil boshida minimal buyruqlar asosida qaror qabul qilib, vazifalarni mustaqil bajarishga qodir “umumiy SI agent» xizmatini taqdim etganini e’lon qilgach, e’tibor markaziga tushgan. Startap o‘z tizimi OpenAI’ning DeepResearch mahsulotidan ustun ekanini da’vo qilgan.
Ma’lum qilinishicha, Pekin Manus’ni qo‘llab-quvvatlashga qiziqish bildirgan. Shuningdek, startap AI modellarini ishlab chiqish bo‘yicha Alibaba bilan strategik hamkorlikka ega.
Meta Manus xizmatini o‘zi boshqaradi va uni iste’molchilar hamda biznes uchun mo‘ljallangan mahsulotlariga, jumladan, Meta AI platformasiga integratsiya qiladi. Kompaniya so‘nggi paytda raqobat kuchaygani sabab AI yo‘nalishida xaridlar va kadrlar jalb qilishni faollashtirmoqda.
Avvalroq Meta ma’lumotlarni belgilash bilan shug‘ullanuvchi Scale AI’ga sarmoya kiritgan edi. Manus esa bu yil taxminan 500 mln dollar baholash bilan 75 mln dollar investitsiya jalb qilgan. Sarmoyadorlar orasida Benchmark, HSG, ZhenFund va Tencent Holdings bor.
Manus AQSh va Xitoy o‘rtasidagi geosiyosiy taranglik fonida faoliyatini Singapurga ko‘chirayotgan Xitoy kompaniyalari safiga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri New York Times jurnalisti Google, OpenAI va xAI’ni sudga bergani haqida yozgan edi.