
Samsung smartfonlarida 20 000 mA/soatlik batareyalar paydo bo‘lmaydi. Bu haqda WCCF xabar bermoqda. Ushbu quvvatdagi akkumulyatorlar sinovlardan o‘ta olmagani aytilmoqda.
Manbaning ta’kidlashicha, ushbu loyiha to‘xtatilgan. Kompaniya e’tiborini 6 000 va 8 000 mA/soatli yangi avlod batareyalariga qaratmoqda.
2016-yilda Samsung Samsung SDI orqali ishlab chiqilgan 20 000 mA/soatli ikki yacheykali batareyani sinovdan o‘tkazgan edi. Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, asosiy 12 000 mA/soatli yacheyka barqarorlik muammolarini keltirib chiqardi. 100 Vt quvvatda zaryadlash paytida korpus qalinligi 6,3 mm dan 8,2 mm gacha shishib ketgan.
Kompaniya endi kremniy-uglerod texnologiyasiga asoslangan, sig‘imi 6 000 va 8 000 mA/soat bo‘lgan batareyalar ustida ishlamoqda. Dastlabki sinovlar bu akkumulyatorlar ancha barqaror ekanini va hajmiy kengayishi oldindan bashorat qilinadigan darajada ekanini ko‘rsatdi. Paralel ravishda qattiq holatli batareyalar ustida ham tadqiqotlar olib borilmoqda.
Kremniy-uglerodli batareyalarda an’anaviy grafit o‘rniga kompozit anod ishlatiladi. Bu anod litiyning ionlarini taxminan 10 barobar ko‘proq ushlab tura oladi. Natijada sig‘im oshadi, lekin batareya qalinligi katta bo‘lib ketmaydi. Bu smartfonlar uchun muhim omil hisoblanadi.
Samsung bu masalada ehtiyotkorlikni afzal ko‘radi. Bunga 2016-yildagi Samsung Galaxy Note 7 bilan bog‘liq mojaro sabab bo‘lgan. O‘sha paytda nuqsonli akkumulyatorlar qizib ketgan va portlash holatlari kuzatilgan edi. Model ommaviy ravishda qaytarib olindi, samolyotlarda tashish taqiqlangan va oxir-oqibat ishlab chiqarish to‘liq to‘xtatilgan. Bu holat Samsung obro‘siga jiddiy zarar yetkazgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Music Studio portativ kolonkalari taqdim etilgani haqida yozgan edi.