Gadjetlar

Samsung Galaxy A57 va S26 FE qanday ekran bilan chiqadi

Kompaniya CSOT bilan Samsung Galaxy A57 uchun OLED panel yetkazib berish bo‘yicha muzokara olib bormoqda
Foto: Sammobile

Samsung xarajatlarni kamaytirish maqsadida kelasi yildan Samsung Galaxy A57 va S26 FE modellarida Xitoyda ishlab chiqarilgan OLED ekranlardan foydalanishi mumkin. Koreyaning The Elec nashri ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya CSOT bilan Samsung Galaxy A57 uchun OLED panel yetkazib berish bo‘yicha muzokara olib bormoqda.

Manbalarga ko‘ra, Galaxy A57 Xitoy OLED’ining pastki qismi qalinroq bo‘lgan varianti bilan chiqishi mumkin. Shu bilan birga, buyurtmaning bir qismi Samsung Display’ga berilishi kutilmoqda.

Aynan shu turdagi ekran kelajakdagi Samsung Galaxy S26 FE modelida ham qo‘llanishi ehtimoli bor. Ushbu qurilma 2026-yil oxirida taqdim etilishi kutilmoqda.

Arzonroq OLED’lardan foydalanish Samsung uchun tejamkor yechim bo‘lsa-da, bu kompaniyani Xitoy brendlari bilan dizayn borasida noqulay holatga tushirishi mumkin. Chunki Xitoy ishlab chiqaruvchilari allaqachon o‘rta segmentda ham yupqa ramkali zamonaviy OLED ekranlarni taklif qilayotir. Samsung esa hozircha ayrim qimmatroq modellarida ham soddaroq paneldan foydalanib kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung 20 000 mA/soatlik batareyaga ega smartfonlarni ishlab chiqarmasligi haqida yozgan edi.