Yangilangan Chevrolet Damas bozorga chiqmoqda — narx, foto

31-dekabr 2025 13:13 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
yangilangan Chevrolet Damas
Foto: UzAuto Motors

UzAuto Motors O‘zbekistonda yangilangan Chevrolet Damas Max va Chevrolet Damas Move modellarini bozorga chiqarmoqda. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati ma’lum qildi.

Chevrolet Damas Move yo‘lovchi tashish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, yetti o‘rinli salon, qulay ergonomika va zamonaviy xavfsizlik yechimlari bilan jihozlangan. Model ikki xil atmosferali dvigatel bilan taklif etiladi. 1,2 litrli, 81 ot kuchiga ega agregat 5 pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi bilan, 1,5 litrli, 103 ot kuchiga ega dvigatel esa 6 pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi bilan ishlaydi. Bu yechimlar kundalik foydalanish va biznes ehtiyojlari uchun moslashuvchanlikni ta’minlaydi.

Foto: UzAuto Motors

Yuk tashishga mo‘ljallangan Chevrolet Damas Max esa 650 kg gacha yuk ko‘tarish imkoniyatiga ega. Yuk bo‘limining foydali hajmi 3 kub metridan oshadi. Ushbu ko‘rsatkichlar modelni kichik va o‘rta biznes uchun qulay yechimga aylantiradi.

Yangi Damas’ning bazaviy komplektatsiyasiga haydovchi va old yo‘lovchi uchun xavfsizlik yostiqchalari, ABS va EBD tizimlari, markaziy qulflash hamda masofadan boshqariladigan kalit kiradi. Iqlim qulayligi Move versiyasida ikki zonali, Max versiyasida esa bir zonali konditsioner orqali ta’minlanadi. Har ikki model o‘g‘irlikka qarshi tizim va signalizatsiya bilan jihozlangan.

Texnik jihatdan avtomobil old tomonda mustaqil McPherson osmasi, orqa tomonda ressorali osma bilan ta’minlangan. Old tormozlar diskli, orqa tormozlar barabanli bo‘lib, rul boshqaruvida elektron kuchaytirgich qo‘llanilgan. Salon mato qoplamali o‘rindiqlar, sozlanadigan joylar, stakan qo‘yish bo‘limlari va ikkita dinamik bilan amaliy uslubda ishlangan.

Foto: UzAuto Motors

UzAuto Motors ma’lumotiga ko‘ra, yangi Chevrolet Damas oldingi avlodga nisbatan sezilarli darajada takomillashgan. Dvigatel quvvati oshirilgan, yuk ko‘tarish salohiyati kengaytirilgan, g‘ildirak bazasi va kuzov o‘lchamlari kattalashgan. Yo‘lovchi versiyada uchinchi qator ortida 496 litrli bagaj bo‘limi ham mavjud.

Narxlar:

Kompaniya Damas’ning avvalgi versiyasi ishlab chiqarilishi davom etishini va u Chevrolet’ning barcha rasmiy dilerlarida sotuvda qolishini ham bildirdi. Tavsiya etilgan chakana narxlar Damas Max uchun 134,4 mln so‘mdan, Damas Move uchun esa 139,7 mln so‘mdan boshlanadi. Sotuvlar boshlanishining aniq sanasi keyinroq e’lon qilinadi.

Model nomiKuzov turiDvigatelKomplektatsiyaNarxi
Damas MaxVan1.2LV0134,4 mln so‘m
Damas MaxVan1.5LV0142,5 mln so‘m
Damas MoveYo‘lovchi (PAS)1.2LV0139,7 mln so‘m
Damas MoveYo‘lovchi (PAS)1.2LV1144,6 mln so‘m
Damas MoveYo‘lovchi (PAS)1.5LV0149,0 mln so‘m
Damas MoveYo‘lovchi (PAS)1.5LV1154,1 mln so‘m

Eslatib o‘tamiz, Kursiv uzbekistan nashri Damas avtomobili qaysi davlatlarda sotilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek