100 nafar tozalik xodimi farzandlarining kontrakt to‘lovi qoplab berildi

«Tabiat uyg‘unligi himoyachisi» tanlovi g‘oliblari, xususan respublika bo‘yicha 100 nafar tozalik xodimining oliy ta’limda o‘qiyotgan farzandlari uchun kontrakt to‘lovlari to‘lab berildi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi xabar berdi.
Agentlikka ko‘ra, tanlovga respublika bo‘yicha 182 nafar xodim ariza topshirdi. Arizalar maxsus komissiya tomonidan shaffof va adolatli tarzda ko‘rib chiqilib, 100 nafar munosib xodim g‘olib deb topildi. Ularning farzandlari uchun jami 916,7 mln so‘mlik kontrakt to‘lovlari agentlikning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplab berildi.

30-dekabr kuni Toshkent shahrida xodimlarga farzandlarining kontrakt to‘lovi qoplangani haqidagi maxsus sertifikatlar topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryoda «Toza hudud» muassasasiga 12 ta yangi maxsus texnika topshirilgani haqida xabar berilgandi.