2030-yilgacha har yili bittadan davlat banki xususiylashtiriladi

eʼlon qilindi
Har yili kamida bitta davlat bankini xususiylashtirish ko‘zda tutilgan
O‘zbekiston beshta davlat bankini xususiylashtirishni rejalashtirmoqda
O‘zbekiston beshta davlat bankini xususiylashtirishni rejalashtirmoqda / Foto: depositphotos

O‘zbekiston hukumati beshta davlat bankini xususiylashtirishni rejalashtirmoqda. Bu «O‘zbekiston – 2030» yangilangan strategiyasi loyihasida qayd etilgan. Hujjat jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.

Hozirda davlatga tegishli to‘qqizta bank mavjud. Bular NBU, Agrobank, Uzpromstroybank, Asakabank, Xalq banki, Biznesni rivojlantirish banki, Mikrokreditbank, Aloqabank va Turonbank hisoblanadi.

Rejaga ko‘ra, 2026-yilda davlat banklari soni sakkiztaga tushadi. 2030-yilga borib esa davlat faqat to‘rtta bank egasi bo‘lib qoladi. Shu tariqa, har yili kamida bitta davlat bankini xususiylashtirish ko‘zda tutilgan.

Strategiyada davlat banklarining bank tizimidagi aktivlardagi ulushini kamaytirish ham belgilangan. Agar 2026-yilda bu ko‘rsatkich 65% bo‘lsa, 2030-yilga kelib 55% ga tushirilishi rejalashtirilmoqda. 2025-yil 1-dekabr holatiga ko‘ra, davlat ishtirokidagi banklar aktivlarining ulushi 65 foizni tashkil etgan.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, 2026-yilda kichikroq banklardan biri yoki Aloqabank yoxud Turonbank xususiylashtirilishi mumkin.

«Hozirda 9 ta davlat banki borligi hisobga olinsa, kichikroq davlat banki yo Aloqabank, yo Turonbank xususiylashini kutsa bo‘ladi. Shuningdek, ulushlar o‘zgarishi rejasiga qaraganda, Sanoatqurilishbank va Asakabank «xususiylashtirilishini» 2028-yil va undan keyinga ko‘radiganga o‘xshaymiz», — deydi iqtisodchi.

Shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki 2026-yilda Asakabank aksiyalarining 15 foizini sotib olishi ma’lum qilindi. Bu jarayon bankni xususiylashtirishga tayyorlash doirasida amalga oshiriladi.

Avvalroq e’lon qilingan Iqtisodiyot va moliya vazirligi strategiyasiga ko‘ra, «Asakabank», «Aloqabank» va «Turonbank» bo‘yicha xususiylashtirish jarayoni 2026 – 2027-yillarga mo‘ljallangandi.

Shuningdek