Yangiliklar

Benzin 12 foiz, kommunal xizmatlar 17 foizga qimmatlashdi: yillik inflyatsiya 7,3 foizni tashkil etdi

Dekabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari 1,5 foizga qimmatlashdi
Benzin 12 foiz, kommunal xizmatlar 17 foizga qimmatlashdi: yillik inflyatsiya 7,3 foizni tashkil etdi / Foto: Autonews.ru

Milliy statistika qo‘mitasi yillik inflyatsiya ko‘rsatkichlarini e’lon qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda inflyatsiya 7,3 foizni tashkil etdi.

Bu 2024-yil dekabriga nisbatan inflyatsiya bosimi pasayganini ko‘rsatadi. Taqqoslash uchun, 2024-yil dekabrida yillik inflyatsiya 9,8% darajasida bo‘lgan edi. 2025-yil davomida o‘rtacha oylik narxlar o‘sishi 0,6% bo‘ldi, bu ham o‘tgan yilga nisbatan past ko‘rsatkich.

Oziq-ovqat narxlari: sabzavotlar keskin qimmatlashdi

Dekabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari 1,5 foizga qimmatlashdi. Ayrim asosiy mahsulotlar narxida o‘sish qayd etildi. Xususan:

  • Tuxum — 3,4% (yil davomida -14,5%);
  • Oliy navli bug‘doy unidan non — o‘rtacha 0,5% (yil davomida +1,6%);
  • Sut — o‘rtacha 0,4% (yil davomida +5,7%);
  • Paxta yog‘i — o‘rtacha 0,4% (yil davomida +17,7%);
  • Un — o‘rtacha 0,3% (yil davomida -4,7%);
  • Suyaksiz mol go‘shti — 0,5% (yil davomida +25%);
  • Suyakli mol go‘shti — 0,5% (yil davomida +23,9%);
  • Qo‘y go‘shti — 0,5% (yil davomida +26,8%);
  • Parranda go‘shti — o‘rtacha 0,2 – 0,6% (yil davomida +3,7 – 4,2%);
  • Baqlajon — 55,9% (yil davomida +8%);
  • Bodring — 55,7% (yil davomida +16%);
  • Pomidor — 25,1% (yil davomida +2,6%);
  • Bulg‘or qalampiri — 22,9% (yil davomida -14,9%);
  • Karam — 22,8% (yil davomida +31,8).

Arzonlashgan mahsulotlar:

  • Guruch — 1,8% (yil davomida −16,6%);
  • Shakar — o‘rtacha 2,3% (yil davomida −4,8%);
  • Kungaboqar yog‘i — 0,5% (yil davomida +12,7%);
  • Sabzi — 7,5% (yil davomida +10,8%);
  • Sitrus mevalar — 2,4% (yil davomida +33,6%).

Kommunal xizmatlar inflyatsiyaning asosiy omillaridan bo‘ldi

Dekabr oyidan boshlab ayrim hududlarda maishiy chiqindilarni olib ketish tariflari oshirildi. Bu xizmatlar o‘rtacha 3 foizga qimmatlashdi. Umuman olganda, 2025-yil davomida ushbu bo‘limda narxlar 17,1 foizga oshib, yillik inflyatsiyaga eng katta ta’sir ko‘rsatgan yo‘nalishlardan biri bo‘ldi. Jumladan:

  • Tarmoq gaz — 39,2%;
  • Sovuq suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari — 35,1%;
  • Maishiy chiqindilarni olib ketish xizmati — 32,5%;
  • Suyultirilgan gaz — 25%;
  • Elektr energiyasi — 18,8%;
  • Issiq suv ta’minoti — 11,9%;
  • Isitish xizmatlari — 11,5%;
  • Turarjoylarga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash materiallari esa 5,4 foizga oshdi.

Shuningdek, 2025-yilning dekabr oyida sog‘liqni saqlash sohasidagi narxlarda sezilarli o‘zgarish bo‘lmadi. Xususan, xizmatlar narxi 0,1 foizga (yil davomida +10%), dori vositalari 0,2 foizga (yil davomida +4,6%), statsionar davolash xizmatlari 0,2 foizga (yil davomida +7,6%) va ambulator davolash xizmatlari 0,2 foizga (yil davomida +6,3%) oshdi.

Transport va yonilg‘i narxlari

Dekabr oyida benzin narxlari oylik hisobda 2,4 foiz, yillik nisbatda esa 11,9 foizga oshdi. Umuman, dekabr oyida AI–91 va AI–92 uchun 10500 dan 13300 so‘mgacha, AI–95 va AI–98 uchun 12500 dan 18000 so‘mgacha oralig‘ida, hamda kuzatuvdagi eng qimmat markadagi AI–100 benzinining narxi bir litri uchun 21000 so‘mni tashkil qildi.

Propan narxi oy davomida 1,3 foizga (yil davomida 10,5 foizga) pasaydi, metan narxi esa o‘zgarmadi, biroq yil boshiga nisbatan 29,9 foizlik yuqori darajada qoldi. Transport xizmatlari, jumladan, shahar avtobuslari, poyezd va aviachipta narxlari ham oshdi:

  • Poyezdda yo‘l haqi – 5,9% (yil davomida +10,1%);
  • Shahar avtobuslari yo‘l haqi – 3,2% (yil davomida +21,1%);
  • Ichki va xalqaro aviaqatnov chiptalari – 2% (yil davomida +21,7%);
  • Tayyor ovqatlarni yetkazib berish xizmatlari – 1% (yil davomida +6,3%).

Xizmatlar sohasi: aloqa va ta’lim yetakchi

Axborot va aloqa xizmatlari ham dekabr oyida o‘sishni ko‘rsatdi. Mobil aloqa xizmatlari o‘rtacha 4,9 foizga (yil davomida +15,1%) qimmatlashdi. Ta’lim sohasida repetitorlik (yil davomida +6,6%) va chet tillari (yil davomida +6,6%) kurslari narxi oshdi, oliy ta’lim tariflari esa yil davomida barqaror qoldi.

Umuman olganda, 2025-yil dekabr oyida inflyatsiya sur’atlari o‘tgan yildagiga nisbatan sekinlashdi. Eng katta narx o‘sishi oziq-ovqat mahsulotlari, kommunal xizmatlar va transport sohasida kuzatildi. Shu bilan birga, nooziq-ovqat mahsulotlari va ayrim xizmatlar bo‘yicha narxlar nisbatan barqaror bo‘lib qoldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 2025-yilga nisbatan tezroq sur’atlarda rivojlanishi prognoz qilingandi.