Eng arzon palov Qoraqalpog‘istonda, eng qimmati esa poytaxtda — statistika

Milliy statistika qo‘mitasi palov tayyorlashda ishlatiladigan asosiy mahsulotlar narxlari asosida 1 kilogramm palovning o‘rtacha qiymatini hududlar kesimida hisoblab chiqdi. Hisob-kitobda kungaboqar yog‘i, piyoz, mol go‘shti, sabzi, guruch, no‘xat, zira va osh tuzi narxlari inobatga olingan.

Natijalarga ko‘ra, 1 kg palovning eng arzon qiymati Qoraqalpog‘iston Respublikasida qayd etilgan. Eng qimmat palov esa Toshkent shahri va Farg‘ona viloyatida kuzatilgan. Hududlar o‘rtasidagi farq asosan go‘sht, sabzi va guruch narxlari bilan bog‘liq.
Quyida 2025-yil dekabr oyida 1 kg palov uchun hisoblangan o‘rtacha qiymatlar keltirilgan.
| Hudud | 1 kg palov narxi |
|---|---|
| Qoraqalpog‘iston Respublikasi | 97 727 |
| Andijon | 105 336 |
| Buxoro | 107 175 |
| Jizzax | 109 017 |
| Qashqadaryo | 111 093 |
| Navoiy | 109 169 |
| Namangan | 108 030 |
| Samarqand | 112 222 |
| Surxondaryo | 111 002 |
| Sirdaryo | 103 696 |
| Toshkent viloyati | 111 857 |
| Farg‘ona | 114 890 |
| Xorazm | 106 527 |
| Toshkent shahri | 115 491 |
Mutaxassislar ta’kidlashicha, hududlar kesimida palov narxidagi tafovut bozorlar taklifi, transport xarajatlari va go‘sht mahsulotlari narxiga bevosita bog‘liq. Umuman olganda, dekabr oyida palov tayyorlash xarajatlari ko‘pchilik hududlarda 100 ming so‘mdan yuqori bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq dekabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari 1,5 foizga qimmatlashgani haqida xabar berilgandi.