Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Yangi yil bilan qutladi

eʼlon qilindi
Tugallangan yil mamlakat hayotida muhim o‘zgarishlarga boy bo‘ldi
Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Yangi yil bayrami munosabati bilan qutladi. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, tugallangan yil mamlakat hayotida muhim o‘zgarishlarga boy bo‘ldi.

«Dunyodagi murakkab vaziyatlarga qaramasdan biz o‘z oldimizga qo‘ygan barcha maqsad va marralarga erishdik. O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmi ilk bor $145 mlrddan oshdi va mamlakatimiz o‘rta daromadli davlatlar qatoridagi o‘rnini mustahkamladi. Iqtisodiy o‘sish samarasi odamlarimiz hayotida, oilalar daromadida, mahallalar qiyofasida, yoshlarimizning kelajakka bo‘lgan ishonchida yaqqol namoyon bo‘ldi», – dedi prezident.

Shuningdek, Mirziyoyev 2025-yilda iqtisodiy, madaniy, sport va boshqa sohalardagi yutuq va o‘zgarishlarga ham alohida urg‘u berdi.

«Biz kelgusi yilda ham har bir oilaning baxtli, farovon va sog‘lom hayot kechirishi, yoshlarimizning sifatli ta’lim olishlari, kelajak kasblarini egallashlari va sport bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun yangi-yangi imkoniyatlarni ishga solamiz», – deya qayd etdi Mirziyoyev.

Yangi 2026-yilda aholining yordamga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash kengaytiriladi. Keksalar, xotin-qizlar va yoshlar uchun ijtimoiy himoya choralariga alohida e’tibor qaratiladi.

Ekologik vaziyatni yaxshilash ishlari izchil davom ettiriladi. «Yashil» energetikani rivojlantirish va suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘riladi.

Barcha islohot va tashabbuslar odamlarning turmush sifatini oshirishga qaratiladi. Shu bilan birga, biznes yuritish uchun yanada qulay sharoitlar yaratiladi.

Mahalla faollari, ziyolilar, tadbirkorlar va yoshlarning islohotlarda faol ishtirok etishi muhimligi ta’kidlandi. Keng jamoatchilikdan bu jarayonlarga munosib hissa qo‘shish kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 2026-yil qanday nomlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek