
General Motors Braziliya bo‘limi 2025-yil yakuniga bag‘ishlangan korporativ videoda kutilmaganda yangi Chevrolet Sonic modelini namoyish qildi. Speedme’ga ko‘ra, ushbu avtomobil 2026-yilda brendning eng muhim yangiligi bo‘ladi.
Yangi Sonic arzon SUV sifatida Onix va Tracker modellari orasidagi narx bo‘shlig‘ini to‘ldiradi. Avtomobil Braziliyaning Gravatai shahridagi zavodda, Onix Plus bilan bir platformada ishlab chiqariladi.

Dastlabki tasvirlarga qaraganda, Chevrolet Sonic o‘lchamlari jihatidan Onix’ga yaqin bo‘ladi. Orqa qismida ketma-ket yonuvchi LED chiroqlar, yangilangan bagaj qopqog‘i va spoyler bo‘ladi. Bu yechimlar Sonic’ni oddiy xetchbekdan vizual jihatdan uzoqlashtirishga xizmat qiladi.
Old tomondan model yanada yirikroq ko‘rinishga ega bo‘lishi kutilmoqda. Buning uchun ikki qavatli optika qo‘llanadi. Bu uslub hozirgi Montana va yangilangan Tracker’da ham ishlatilgan. Kapot balandroq qilinadi, bu esa avtomobilga yo‘ldan tashqarida yurishga mos ko‘rinish beradi. Yon eshik panellari esa katta ehtimol bilan Onix’dan olinadi.
Texnik qismi bo‘yicha rasmiy ma’lumotlar hozircha yo‘q. Ammo eng ehtimoliy variant sifatida 1.0 litrli turbo dvigatel va 6 pog‘onali avtomat uzatma tilga olinmoqda. Arzon versiyalarda oddiy 1.0 litrli dvigatel bo‘lishi mumkin. Keyinchalik esa Tracker’da qo‘llaniladigan 1.2 turbo dvigatel ham taklif etilishi ehtimoldan xoli emas.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yangilangan Chevrolet Damas bozorga chiqayotgani ma’lum qilingandi.
