
Ilon Maskning Neuralink kompaniyasi 2026-yilda miya-kompyuter interfeysi qurilmalarini yirik hajmda ishlab chiqarishni boshlashini va jarayonni to‘liq avtomatlashtirilgan jarrohlik usuliga o‘tkazishini e’lon qildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan implant umurtqa pog‘onasi shikastlangan bemorlar kabi og‘ir holatdagi odamlarga yordam berish maqsadida mo‘ljallangan. Birinchi bemor uni video o‘yin o‘ynash, internetda sayr qilish, ijtimoiy tarmoqlarda post joylash va noutbukdagi kursorni harakatlantirish uchun muvaffaqiyatli ishlatgan.
Neuralink 2024-yilda insonlar ustida sinovlarni boshladi. Buning oldidan 2022-yilda AQSh Oziq-ovqat va dori vositalari boshqarmasi xavfsizlik sabablariga ko‘ra kompaniya arizasini rad etgan edi. Keyinchalik kompaniya barcha xavfsizlik muammolarini bartaraf etdi.
2025-yil sentabr oyida Neuralink dunyo bo‘ylab og‘ir falajga chalingan 12 kishiga o‘z implantlarini o‘rnatganini ma’lum qildi. Ular implant orqali fikr yordamida raqamli va jismoniy qurilmalarni boshqarish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Shu bilan birga, kompaniya iyun oyida $650 mln miqdorida moliyalashtirishni amalga oshirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Neuralink yiliga 20 ming kishiga chip o‘rnatishni rejalashtirgani haqida xabar bergan edik.