
Samsung kompaniyasi Galaxy S26 Ultra flagman smartfoniga ekranda maxfiylikni ta’minlovchi Privacy Display funksiyasini joriy etmoqda. Bu haqda Sammyguru ma’lum qildi.
One UI 8.5’ning ichki versiyalarida bu funksiya bilan bog‘liq kodlar aniqlangan bo‘lib, yaqinda interfeysda ishlaydigan maxsus kalit ham paydo bo‘lgan. Shuningdek, yangilangan Samsung Tips ilovasida flagmanning yangi imkoniyati haqida ma’lumot yashirilgan.
Animatsiyaga ko‘ra, Privacy Display «Ekran» bo‘limida joylashadi va tezkor sozlamalar panelida alohida kalitga ega bo‘ladi. Funksiya avtomatik tarzda ishga tushirilishi mumkin – ishga tushirilgan ilova yoki kelayotgan bildirishnomaga qarab faollashadi.
Ushbu texnologiya ishlash prinsipi sodda: ekranga to‘g‘ri qaraganda tasvir odatdagidek ko‘rinadi, ammo yon tomondan, yuqoridan yoki pastdan qaraganda ekran qorayadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samsung Galaxy S26 va Galaxy Z yangi modellari avvalgi narxda chiqishi haqida yozgan edik.