Alisher Qodirov Rossiyadagi migrantlarga ogohlantirish bilan chiqdi

eʼlon qilindi
Uning fikricha, Rossiyada Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar tobora ko‘proq xavf ostida qolmoqda
Rossiya 770 ming migrantga nisbatan yangi «deportatsiya rejimi»ni joriy etdi
Foto: ijtimoiy tarmoq

Rossiyaning Xabarovsk shahrida o‘zbekistonlik mehnat muhojirining huquq-tartibot xodimlari ishtirokidagi zo‘ravonlik oqibatida vafot etgani O‘zbekistonda keng jamoatchilik rezonansiga sabab bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan rasmiy Toshkent Moskva tomoniga diplomatik nota yo‘llab, voqeani xolis va qonuniy tartibda tekshirishni talab qildi.

Hozirda O‘zbekistonning Vladivostokdagi Bosh konsulxonasi marhumning oila a’zolari bilan doimiy aloqada bo‘lib, jasadni vatanga qaytarish va zarur huquqiy-amaliy yordam ko‘rsatish ishlarini olib bormoqda.

Fojia fonida siyosatchilar va jamoat arboblari keskin bayonotlar bilan chiqmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Milliy tiklanish demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov Rossiyada bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarga murojaat qilib, vaziyat yildan-yilga emas, oyma-oy yomonlashib borayotganini ta’kidladi.

Uning fikricha, Rossiyada Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar tobora ko‘proq xavf ostida qolmoqda. Deputat migrantlarni iqtisodiy manfaatlar ortidan hayotini xavfga qo‘ymaslikka chaqirib, Rossiyani imkon qadar tez tark etishni maslahat berdi.

Mazkur fikrlarni O‘zbekiston Milliy media birlashmasi Kuzatuv kengashi raisi va Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja ham qo‘llab-quvvatladi. U bilim va chet tillarni egallash orqali nafaqat O‘zbekiston, balki boshqa rivojlangan mamlakatlarda ham xavfsiz va munosib ish topish mumkinligini ta’kidladi. Uning fikricha, doimiy tahdid ostida yashashni tanlash mantiqan o‘zini oqlamaydi.

Shu bilan birga, jurnalist Ilyos Safarov masalaga yanada murakkabroq nuqtai nazardan yondashdi. U Qodirovning chaqirig‘i mantiqan to‘g‘ri ko‘rinsa-da, real hayotda mehnat muhojirlarini oddiy bayonotlar bilan ortga qaytarish imkonsizligini qayd etdi.

Safarovning ta’kidlashicha, ko‘plab fuqarolar Rossiyaga yaxshi hayot izlab emas, balki majburiyat va tirikchilik sabab yo‘l olmoqda. Vatanda barqaror daromad manbalari yetarli bo‘lmagani uchun migrantlar kamsitish, xavf va og‘ir mehnatga ko‘nikishga majbur bo‘lyapti.

Jurnalistga ko‘ra, muammoni hal qilish uchun keskin chaqiriqlardan ko‘ra, ichki mehnat bozorida real islohotlar, kafolatlangan ish o‘rinlari va munosib maoshlar zarur. Aks holda, xorijdagi o‘zbekistonliklar bilan bog‘liq fojialar yana va yana takrorlanishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xabarovskdagi o‘zbekistonlikning vafoti yuzasidan Rossiyaga nota yuborilgani haqida yozgandi.

Shuningdek