Kun tarixi: Apple’ning tashkil topishi, «Uzuklar hukmdori» va Mixael Shumaxer

eʼlon qilindi
3-yanvarda sodir bo‘lgan tarixiy hodisalar
Foto: Britannica

3-yanvar sanasi siyosiy o‘zgarishlar, texnologik inqiloblar va jahonga mashhur shaxslarning tavalludi bilan tarixda qolgan. Yaponiyadagi davlat boshqaruvi islohotlaridan tortib, raqamli valyuta erasining boshlanishi, afsonaviy asar muallifi va sportchilarning tug‘ilgan kunigacha. Kursiv Uzbekistan kunning eng muhim voqealarini xronologik tartibda taqdim etadi.

Foto: Aif

1868-yili Yaponiyada «Meydzi restavratsiyasi» boshlandi. Imperator Mutsuxito hokimiyatni to‘liq o‘z qo‘liga oldi va asrlar davomida hukmronlik qilgan syogunat tuzumiga chek qo‘ydi. Bu voqea Yaponiyaning yopiq feodal davlatdan zamonaviy sanoatlashgan qudratli imperiyaga aylanishida asosiy burilish nuqtasi bo‘ldi.

Foto: History.com

1870-yilda Nyu-York shahrida dunyoga mashhur Bruklin ko‘prigining qurilish ishlari boshlandi. Muhandis Jon Ryobling loyihasi asosida bunyod etilib, Manxetten va Bruklin tumanlarini bog‘lovchi ushbu inshoot qurilishi 13 yil davom etdi. O‘z vaqtida dunyodagi eng uzun osma ko‘prik hisoblangan bu loyiha muhandislik mo‘jizasi sifatida tan olingan.

Foto: Poem Analysis

1892-yili mashhur ingliz yozuvchisi va filolog Jon R.R. Tolkin dunyoga keldi. U o‘zining «Uzuklar hukmdori» va «Xobbit» kabi asarlari bilan zamonaviy fentezi janriga asos solgan. Oksford universiteti professori Tolkin asarlari bugungi kunda ham millionlab kitobxonlar qalbidan joy olgan.

Foto: ABC News

1956-yilda Gollivudning taniqli aktyori va rejissyori Mel Gibson tavallud topdi. U «Sher yurak» filmidagi bosh roli va rejissyorlik ishi orqali «Oskar» mukofotini qo‘lga kiritgan. Gibson «Apokalipto» filmi bilan kino san’atida o‘ziga xos iz qoldirgan.

Foto: Smithsonian magazine

1959-yili Alyaska rasman AQShning 49-shtati deb e’lon qilindi. Prezident Duayt Eyzenxauer tegishli farmonni imzolashi bilan 1867-yilda Rossiyadan 7,2 mln dollarga sotib olingan ushbu hudud to‘laqonli shtat maqomini oldi. Alyaska bugungi kunda maydoni bo‘yicha AQShning eng yirik shtati hisoblanadi.

Foto: Westlake Malibu Lifestyle Magazine

1969-yilda afsonaviy nemis poygachisi Mixail Shumaxer tavallud topdi. U «Formula-1» musobaqalarida 7 karra jahon chempioni bo‘lib, faoliyati davomida 91 ta Gran-pri g‘olibi bo‘lgan. Ayniqsa, «Ferrari» jamoasidagi muvaffaqiyatlari uni avtosport tarixidagi eng buyuk poygachilardan biriga aylantirdi.

Foto: Fast Company

1977-yili Stiv Jobs va Stiv Voznyak tomonidan asos solingan Apple Computer Inc rasman korporatsiya sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Kaliforniyaning Kupertino shahrida joylashgan kompaniya shaxsiy kompyuterlar inqilobini boshlab berdi va keyinchalik dunyodagi eng qimmat va innovatsion brendlardan biriga aylandi.

Foto: The Guardian

1979-yilda dunyoga mashhur mehmonxonalar tarmog‘i asoschisi Konrad Hilton 91 yoshida vafot etdi. U o‘z biznesini kichik mehmonxonadan boshlab, Hilton imperiyasini global darajaga olib chiqqan edi. Bugungi kunda uning mehmonxonalari dunyoning deyarli barcha yirik shaharlarida faoliyat yuritadi.

Foto: Teen Vogue

1995-yili janubiy koreyalik xonanda va aktrisa Jisoo (Kim Ji-su) dunyoga keldi. Dunyoga mashhur Blackpink guruhi a’zosi sifatida tanilgan Jisoo musiqa va moda olamida katta muvaffaqiyatlarga erishdi. U shuningdek, Dior kabi nufuzli brendlarning global elchisi hisoblanadi.

Foto: Marcus Oscarsson

2003-yilda shvetsiyalik eko faol Greta Tunberg tavallud topdi. U maktab o‘quvchisi sifatida boshlagan namoyishlari bilan global iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash harakatining ramziga aylandi. Tunberg BMT minbarlarida so‘zga chiqib, dunyo liderlarini tabiatni asrash uchun keskin choralar ko‘rishga chaqirib kelmoqda.

Foto: LinkedIn

2009-yili Satoshi Nakamoto taxallusi ostidagi shaxs Bitkoin tarmog‘ining ilk bloki — «Genesis block»ni yaratdi. Bu voqea kriptovalyutalar davrini boshlab berdi va an’anaviy moliya tizimiga muqobil bo‘lgan markazlashmagan raqamli iqtisodiyotga asos soldi. Ilk blok uchun mukofot 50 BTC ni tashkil etgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2-yanvar sanasida sodir bo‘lgan muhim hodisalar haqida xabar bergan edi.

Shuningdek