O‘zbekistonda elektromobillarni zaryadlash stansiyalari bojxona bojidan ozod qilinadi

eʼlon qilindi
Farmonda chiqindilarni boshqarish sohasiga ham alohida e’tibor qaratilgan
shell
Foto: shutterstock

O‘zbekistonda elektromobillarni zaryadlash infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan yangi soliq va bojxona imtiyozlari joriy etiladi. Prezident tomonidan imzolangan farmonga muvofiq, ayrim tovarlar 2026 – 2028-yillar davomida bojxona bojidan ozod etiladi.

Hujjatga asosan, belgilangan ro‘yxatlar bo‘yicha mamlakatga olib kiriladigan elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari, ularning komponentlari hamda servis infratuzilmasi uchun mo‘ljallangan texnologik asbob-uskunalarga bojxona boji qo‘llanilmaydi.

Bundan tashqari, pilla yigirish va ipak gazlama to‘qish dastgohlari uchun ehtiyot qismlar, tut daraxti urug‘i va ko‘chatlari, shuningdek, ipak qurtining superelita, elita va sanoat urug‘lari ham bojxona bojidan ozod etiladi.

Farmonda chiqindilarni boshqarish sohasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. 2026 – 2031-yillar davomida chiqindilarni to‘plash, olib chiqish, saralash va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi subyektlar uchun foyda solig‘i va ijtimoiy soliq stavkasi 1% etib belgilanadi. Ushbu imtiyoz Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi hamda belgilangan talablarga to‘liq javob beradigan soliq to‘lovchilarga tatbiq etiladi.

Bunda mazkur faoliyatdan olinadigan daromad jami daromadning kamida 90 foizini tashkil qilishi, shuningdek, har bir xodimga to‘lanadigan oylik ish haqi eng kam ish haqining kamida ikki baravaridan kam bo‘lmasligi lozim. Ushbu shartlar bajarilgan taqdirdagina soliq imtiyozlari qo‘llaniladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan mahalliy ishlab chiqarilgan elektromobillar uchun 12 foizlik avtokreditlar ajratilishi haqida yozgandi.

Shuningdek