
2030-yilgacha O‘zbekiston fuqarolari vizasiz safar qilishi mumkin bo‘lgan davlatlar soni 50 taga yetkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu maqsad yangilangan «O‘zbekiston — 2030» strategiyasi loyihasida belgilab qo‘yilgan.
Strategiyaga ko‘ra, yaqin yillarda konsullik xizmatlarini ko‘rsatishga mo‘ljallangan maxsus mobil platforma ishga tushiriladi. Raqamlashtirish hisobiga 2026-yilda ushbu platformadan foydalanuvchilar soni hozirgi 8,5 ming kishidan 15 ming nafarga yetkazilishi, 2030-yilga borib esa 100 ming foydalanuvchini qamrab olishi ko‘zda tutilgan.
Viza rejimlarini liberallashtirish bo‘yicha ham bosqichma-bosqich reja ishlab chiqilgan. Xususan, 2026-yilda O‘zbekiston yana 2 ta davlat bilan vizasiz yoki yengillashtirilgan rejim bo‘yicha kelishuvga erishishni rejalashtirmoqda. 2027-yilda bu ko‘rsatkich 5 taga yetadi. Natijada, vizasiz davlatlar soni 2028-yilda 45 taga, 2029-yilda 48 taga va 2030-yilda 50 taga yetkazilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, 2026–2030-yillar oralig‘ida o‘zbekistonliklar uchun soddalashtirilgan tartibda kirish mumkin bo‘lgan davlatlar soni 60 taga yetkazilishi rejalashtirilgan. Bunga kelgan joyida viza olish yoki elektron viza rasmiylashtirish imkoniyati mavjud mamlakatlar ham kiradi.
Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston fuqarolari 35 ta davlatga vizasiz safar qilishi mumkin, shundan 31 tasida to‘liq vizasiz rejim amal qiladi. Bundan tashqari, yana 42 ta davlat bilan turli soddalashtirilgan kirish tartiblari mavjud.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiyada Xitoy fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etilishi haqida yozgandi.