Samsung ko‘z harakatini kuzatuvchi Odyssey 3D monitorini taqdim etdi

Samsung 2027-yilda chiqarilishi rejalashtirilgan yangi Odyssey o‘yin monitorlari liniyasini e’lon qildi. Bu haqda ZDNet nashri xabar berdi.
Seriyaning flagmani 32 dyuymli Odyssey 3D bo‘lib, kompaniya uni dunyodagi birinchi 6K aniqlikdagi, ko‘zoynaksiz 3D o‘yin monitori sifatida taqdim etmoqda.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Odyssey 3D real vaqt rejimida ko‘z harakatini kuzatish texnologiyasidan foydalanadi. Ushbu tizim foydalanuvchining qarash yo‘nalishiga qarab tasvir chuqurligi va perspektivasini avtomatik moslashtirib, maxsus ko‘zoynaksiz 3D effekt hosil qiladi. Buning uchun bir nechta vizual qatlamlardan foydalaniladi.

Monitor 6K (6144 × 3456 piksel) aniqlikka, 165 Gts yangilanish chastotasiga va 1 ms javob vaqtiga ega. Dual Mode funksiyasi orqali yangilanish chastotasini 330 Gts gacha oshirish mumkin. Samsung ayrim o‘yinlar, jumladan, Stellar Blade va The First Berserker: Khazan, 3D imkoniyatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus yangilanish olishini ham ma’lum qildi.

Yangi liniyaga boshqa modellar ham kiradi. Odyssey G8 32 va 27 dyuymli variantlarda taqdim etiladi hamda mos ravishda 6K va 5K (5120 × 2880 piksel) aniqlikni qo‘llab-quvvatlaydi. 27 dyuymli Odyssey G6 esa QuadHD (2560 × 1440 piksel) IPS-panel va rekord darajadagi 1040 Gts yangilanish chastotasiga ega. Liniyani Odyssey OLED G8 – 32 dyuymli 4K QD-OLED monitor yakunlaydi.
Samsung hozircha yangi monitorlarning aniq sotuv sanalari va narxlarini e’lon qilmagan..
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy S26 Ultra ekraniga «tonirovka» funksiyasi joriy etilishi haqida yozgandi.