Tesla elektromobil bozorida yetakchilikni BYD’ga boy berdi

2025-yil yakunlariga ko‘ra, AQShning Tesla kompaniyasi global elektromobil savdosi bo‘yicha yetakchilikni Xitoyning BYD korporatsiyasiga topshirdi. Bu haqda Oninvest nashri xabar berdi.
Tesla’ning 2025-yil to‘rtinchi chorakdagi yetkazib berish hajmi hatto kompaniyaning o‘zi shakllantirgan konsensus prognoziga ham yetmadi. Shunga qaramay, 2026-yil boshidagi savdolarda Tesla aksiyalari dastlab ijobiy ochilgan bo‘lsa-da, kun davomida pasayishga o‘tdi.
2025-yilning oktabr – dekabr oylarida Tesla butun dunyo bo‘yicha 418,2 mingta elektromobil yetkazib berdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16% kam. Yillik hisobda esa Tesla yetkazib berishlari 8,6 foizga qisqarib, 1,64 mln donani tashkil etdi.
BYD esa aksincha, 2025-yilda savdoni oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Xitoy kompaniyasi yil davomida 2,26 mln elektromobil sotdi. Garchi bu o‘sish so‘nggi besh yildagi eng sekin sur’at bo‘lsa-da, natija Tesla’ni ortda qoldirish uchun yetarli bo‘ldi.
Nima sabab bo‘ldi
Tahlilchilarga ko‘ra, Tesla savdosidagi pasayish kutilgan holat edi. 2025-yil sentabrida AQSHda elektromobil xaridi uchun beriladigan $7,5 minglik soliq imtiyozi bekor qilindi. Bu elektromobillar narxining oshishiga olib keldi. Shu bilan birga, subsidiyalar bekor qilinishi haqidagi kutishlar uchinchi chorakda talabning keskin oshishiga sabab bo‘lgan va bu davr Tesla uchun rekord natijalar bilan yakunlangan edi.
Yevropada esa Tesla uchun vaziyat yanada murakkablashdi. 2025-yilda kompaniya avtomobillariga bo‘lgan talab keskin tushdi: Fransiyada savdo 37%, Shvetsiyada esa 66 foizga kamaydi. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, bunga qisman Tesla rahbari Ilon Maskning Yevropadagi konservativ siyosatchilarni ochiq qo‘llab-quvvatlagani ham ta’sir ko‘rsatgan. Bu fonda Norvegiya istisno bo‘lib chiqdi – bu mamlakatda Tesla elektromobillari ro‘yxatdan o‘tishi bir yil ichida 41 foizga oshdi.
Bozor va aksiyalar munosabati
2026-yil boshidagi savdolarda Tesla aksiyalari dastlab 1,8 foizga oshib, 2025-yil oxiridagi olti kunlik pasayishdan keyin tiklanishga urindi. Biroq keyinroq qimmatli qog‘ozlar 1% atrofida minusga tushib ketdi.
Future Fund Active ETF hammuassisi Gari Blek fikricha, yillik savdo prognozdan past bo‘lganiga qaramay, Tesla natijalari aksiyalar barqarorligi uchun yetarli. Uning ta’kidlashicha, hatto chorakda 415 mingta avtomobil sotilishi ham bozorda salbiy ssenariylarning oldini olgan bo‘lardi.
Shu bilan birga, Tesla aksiyalari hatto dekabr oxiridagi 8 foizlik pasayishdan keyin ham 2026-yilga Uoll-strit adolatli baho deb hisoblaydigan darajadan yuqorida kirdi. FactSet hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘rtacha maqsadli narx $421,59, bu esa hozirgi bahodan 6 foizga pasayish ehtimoli borligini anglatadi. 49 nafar tahlilchidan 20 tasi Tesla aksiyalarini sotib olishni, 11 tasi sotishni, qolganlari esa kutish pozitsiyasini tavsiya qilmoqda.
BYD’da esa manzara butunlay boshqacha. Bozor konsensusi – sotib olish. Faqat ikki nafar tahlilchi aksiyalarni sotishni tavsiya qilgan, 23 tasi esa faol xarid tarafdori. Hozirgi 85,7 yuan atrofidagi narxdan kelib chiqib, ekspertlar BYD aksiyalari bir yil ichida 39 foizga o‘sib, 119,3 yuanga yetishini kutmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan BYD 2025-yilni 1 mln avtomobil eksporti bilan yakunlashni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.