UzAirways 2026-yilda ichki reyslar uchun yangi qoidalarni e’lon qildi

Uzbekistan Airways 2026-yil yanvar oyidan boshlab ichki yo‘nalishlarda aviachiptada ko‘rsatilgan yo‘nalish ketma-ketligi buzilgan taqdirda amal qiladigan yangi qoidalarni e’lon qildi.
Endi yo‘lovchi parvozning birinchi qismini ishlatmasa ham, qolgan yo‘nalish bo‘yicha reysga chiqishi mumkin. Biroq, foydalanilmagan parvoz qismi uchun to‘langan tarif summasi qaytarilmaydi. Faqat aeroport yig‘imlari mablag‘lari qaytariladi. Shuningdek, foydalanilmagan parvozlar bo‘yicha chipta qayta rasmiylashtirilmaydi.
Xalqaro yo‘nalishlarda esa mavjud standart qoidalar saqlanadi: agar yo‘lovchi yo‘nalishning birinchi qismini o’tkazib yuborsa, keyingi barcha reyslar avtomatik ravishda bekor qilinadi. Bu hollarda chipta tarif qoidalariga muvofiq qayta rasmiylashtirilishi yoki qaytarilishi mumkin.
Uzbekistan Airways matbuot xizmati ushbu o‘zgarish yo‘lovchilarga qulaylik yaratish va parvozlar tartibini aniq belgilash maqsadida joriy etilganini bildiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent – London yo‘nalishida yangi reyslar yo‘lga qo‘yilgani haqida yozgandi.