
Zeekr kompaniyasi yangi krossover modelining ilk rasmiy tasvirini e’lon qildi. Bu haqda Autoruonline nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, ushbu avtomobil brend liniyasida flagman 9X’dan bir pog‘ona pastroq o‘rinni egallaydi. Hozircha kompaniya na model nomini, na texnik xususiyatlarini oshkor qildi — tizer faqat loyiha ustida ish ketayotganini va taqdimot yaqinlashayotganini bildiradi.
Avvalroq manbalar loyiha nomi o‘zgargani haqida xabar bergan edi. Dastlab krossover 8X indeksi ostida taqdim etilishi kutilgan bo‘lsa, hozirda unga 9S nomi berilishi ehtimoli ko‘proq tilga olinmoqda. Qayta nomlash modelning pozitsiyasi o‘zgargani bilan izohlanadi: Zeekr uni 9X’ga yaqinlashtirib, biroq ixchamroq va dinamikaga yo‘naltirilgan variant sifatida ishlab chiqishga qaror qilgan.
Taxminlarga ko‘ra, 9S sportcha dizayn va flagman darajasiga yaqin kuch qurilmalariga ega bo‘ladi, biroq haydovchiga yo‘naltirilgan formatda taklif etiladi. Shu orqali Zeekr yuqori segmentdagi modellari qatorini kengaytirib, 9X juda katta bo‘lib tuyuladigan xaridorlar uchun muqobil variant yaratmoqchi.
Yangi modelning to‘liq taqdimoti yaqin vaqt ichida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Zeekr 9S gibrid avtomobili 2026-yilda sotuvga chiqishi haqida yozgandi.