Yangiliklar

2026-yilda 1 mln fuqaro doimiy ish bilan ta’minlanadi — vazir

Kambag‘allik darajasini 4,5 foizgacha pasaytirish rejalashtirilmoqda
Foto: Roman Fedotov / Kursiv Uzbekistan

Oʻzbekistonda 2026-yilda ishsizlik va kambagʻallik darajasini 4,5 foizgacha pasaytirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yigʻilishida Bandlik vaziri Botir Zohidov ma’lum qildi.

Vazirning aytishicha, hozirgi kunda mamlakatda ishsizlik darajasi 5,8 foizgacha qisqargan. Shu bois asosiy e’tibor mehnat bozoriga yangi kirib kelayotgan aholini ish bilan ta’minlashga qaratiladi.

«2026-yilda bir million fuqaroni doimiy ish bilan ta’minlashni maqsad qilganmiz», – dedi Botir Zohidov.

Shuningdek, kelgusi yilda 4 mln nafar aholi daromadini oshirish, bir mln nafar kam ta’minlangan fuqaro­ni daromadni koʻpaytirishga xizmat qiluvchi tizimli xizmatlar bilan qamrab olish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, bir yil davomida norasmiy ishlayotgan 1 mln nafarga yaqin fuqarolar faoliyatini legallashtirish koʻzda tutilmoqda.

Bu maqsadlarni amalga oshirish uchun bir qator loyihalar ishga tushiriladi. Xususan, «Bandlik organlari – ish beruvchilar hamkori» loyihasi doirasida 30 mingdan ortiq ish beruvchi bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, 150 ming kishi ishga joylashtiriladi. «Mehnatsevar ayol» loyihasi orqali 40 mingdan ziyod imkoniyati cheklangan fuqarolarni band qilish rejalashtirilgan.

Shuningdek, hududlarda «Mahalliy brendlar tarmogʻi»ni kengaytirish orqali tadbirkorlikni rivojlantirish va kamida 30 ming yangi ish oʻrni yaratish koʻzda tutilmoqda. Qishloq xoʻjaligida esa oʻquv-tajriba maydonlari tashkil etilib, yuqori daromadli ekinlar yetishtirish orqali 250 ming kishining daromadini ikki barobar oshirish reja qilingan.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonda kambagʻallik darajasi 5,8 foizga tushgani haqida xabar bergan edi.