Yangiliklar

Oʻzbekiston Iroq va Suriyaga eksport hajmini $650 mlnga yetkazishni rejalashtirmoqda

2026-yilda
Foto: Savdo-sanoat palatasi

Oʻzbekiston 2026-yilda Iroq va Suriya bozorlariga eksport hajmini oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabov delegatsiyaning ushbu davlatlarga tashrifi yakunida ma’lum qildi.

Uning soʻzlariga koʻra, hozirda Oʻzbekistonning Iroqqa eksporti $50 mln atrofida boʻlsa, 2026-yilda uni $500 mlnga yetkazish imkoniyati mavjud. Eng yuqori salohiyat elektr jihozlari va qurilish materiallarida qayd etilmoqda. Shimoliy Iroqdagi Arbil shahri bojxona imtiyozlari tufayli mintaqaviy savdo xabi sifatida koʻrilmoqda va u orqali Suriya bozoriga ham chiqish mumkin.

Suriyada esa oziq-ovqat, elektr texnikasi, avtomobillar, ehtiyot qismlar va moylash materiallariga talab yuqori. Rejalarga koʻra, oʻzbekistonlik tadbirkorlar bu mamlakatga 2026-yilda $100 – 150 mlnlik mahsulot eksport qilishi mumkin. Bir yuk mashinasini Bagʻdodga yetkazish oʻrtacha $3,3 ming, Damashqqa esa $4,5 mingga tushadi.

Tashrif doirasida Savdo-sanoat palatalari oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi va «Oʻzbekiston – Arbil biznes kengashi»ni tuzish boʻyicha kelishuvga erishildi. Tomonlar logistika, bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va savdo standartlarini uygʻunlashtirish masalalarini muhokama qildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yilning yanvar – noyabr oylarida Oʻzbekistondan xorijiy bozorlarga 2 million tonnadan ortiq meva-sabzavot mahsulotlari eksportga chiqarilgani haqida xabar bergan edi. Ushbu eksportning umumiy qiymati $1,9 milliardni tashkil etdi. Koʻrsatkichlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 36,8 foizga oshib, mamlakat umumiy eksport hajmida 6,3 foizlik ulushni egalladi.